Yuksak marralarni ko‘zlagan qiz
Farg‘ona shahrida o‘tgan talaba-yoshlarning “Universiada – 2016” sport musobaqalarining tennis bo‘yicha bahslarida Sarvinoz Saidxo‘jayeva barcha raqibini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Farg‘ona shahrida o‘tgan talaba-yoshlarning “Universiada – 2016” sport musobaqalarining tennis bo‘yicha bahslarida Sarvinoz Saidxo‘jayeva barcha raqibini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.Prezidentimiz rahnamoligida aholi, ayniqsa, yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani, zamonaviy sport majmualari, bolalar va o‘smirlar sport maktablari foydalanishga topshirilayotgani navqiron avlod orasidan ana shunday iqtidorli sportchilar yetishib chiqishida muhim omil bo‘layotir.
Sarvinoz 1998-yili Farg‘ona shahrida sportchilar oilasida dunyoga kelgan. Oiladagi sportga e’tibor tufayli u yoshligidan tennisga mehr qo‘ydi.
– Tennis bo‘yicha murabbiy bo‘lganim bois farzandlarimni mazkur sport turi bilan shug‘ullantirganman, – deydi Sobirxo‘ja Saidxo‘jayev. – Qizim ham besh yoshida tennisga qadam qo‘ydi va ushbu sport turi bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Sarvinoz yurtimizda yaratilgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanib, tennis bo‘yicha shahar, viloyat va mamlakat miqyosidagi musobaqalarda mahorat oshirdi va xalqaro maydondagi ilk g‘alabasiga 2011-yili Malayziyada o‘tgan xalqaro turnirda erishdi. Shundan so‘ng ko‘plab, nufuzli turnirlarda munosib ishtirok etdi. 2012-yilda Malayziyada o‘tgan musobaqada ikki marotaba g‘oliblikni qo‘lga kiritdi, ko‘p karra O‘zbekiston chempioni bo‘ldi.
2015-yili ITF musobaqalari taqvimiga kiruvchi xalqaro turnirlarning juftlik bahslarida ishtirok etib, bir necha bor sovrindorlar qatoridan joy oldi. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi bo‘ldi.
– Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirish, ayniqsa, qizlarni sportga keng jalb etishga qaratilayotgan e’tibor yurtimizning minglab yoshlari kabi qizimning ham salomatligini mustahkamlashda, tafakkuri, dunyoqarashi, hayot tarzini to‘g‘ri shakllantirishda muhim omil bo‘lmoqda, – deydi Sarvinozning onasi Barnoxon Saidxo‘jayeva. – Sport qizimning iqtidorini kashf etdi, uni yurtimiz va xalqaro miqyosda tanitdi. Biz yetolmagan orzularimizga bugun farzandlarimiz erishmoqda.
– Xalqaro musobaqalarda xorijlik tengdoshlarimning O‘zbekiston yoshlariga katta havas bilan qaraganini ko‘rib, ich-ichimdan quvonaman, – deydi Sarvinoz. – Prezidentimizning yoshlarga yuksak mehr va e’tibori meni Zulfiyaxonim izdoshlari safiga qo‘shdi. Kelgusida xalqimizning ishonchini oqlashga, unga munosib bo‘lishga astoydil intilaman.