Buxoroda tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi viloyat Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda partiya viloyat Kengashi a’zolari, mahalliy Kengash deputatlari, O`zLiDeP viloyat, tuman (shahar) Kengashlari mas’ullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishni O`zLiDeP viloyat Kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Obidjon Hamidov kirish so‘zi bilan ochdi va olib bordi.

Unda Prezidentimizning Oliy Majlis hamda xalqimizga Murojaatnomasining mazmun mohiyati va unda belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan O.Hamidovning ma’ruzasi tinglandi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining Murojaatnomasi mamlakatimizda 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi dolzarb vazifalar belgilab berilgan o‘ziga xos siyosiy hujjat sifatida nafaqat yurtimizdagi keng jamoatchilik, balki jahon hamjamiyati tomonidan munosib e’tirof etilmoqda.

Murojaatnomada O‘zbekistonning turli xorijiy davlatlar bilan o‘zaro munosabatlari tobora yaxshilanayotganligi o‘z kutilgan natijasini berayotganligi investitsiyalar ko‘lamini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etayotganligi aniq misollar asosida batafsil qayd etilgan.
Murojaatnomada ilm-fan, madaniyat, tibbiyot, sanoat, qurilish va ekologiya masalalari keng o‘rin olganligi, ushbu sohalarda 2025 yilda erishilgan yutuqlar bilan birga kelgusida belgilangan vazifalarga ham tahliliy urg‘u berilganligi bejiz emas. Ma’lum ma’noda ushbu muhim hujjat yurtimizdagi deyarli barcha sohalarda faoliyat olib borayotgan xodimlar, shu jumladan, O`zLiDeP mas’ullari uchun asosiy dasturulamal bo‘lib hisoblanadi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, mamlakatimizdagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik O‘zbekistondagi barqarorlikning bosh mezoni ekanligi vaqt o‘tgan sari o‘zining ishonchli isbotini topmoqda. Prezidentimiz 2026 yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinganligini yurtdoshlarimiz alohida mamnuniyat bilan kutib oldi.
Ayniqsa, mahallalarda faoliyat ko‘rsatuvchi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillari uchun belgilab berilgan qo‘shimcha ravishdagi qator imkoniyat va preferensiyalar ularni yangi muvaffaqiyatlar sari da’vat etadi. Bu esa o‘z navbatida O`zLiDeP Saylovoldi dasturida aks ettirilgan maqsad va vazifalar bilan hamohangdir.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.