Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuksak maqsadlarni ko‘zlayotgan yoshlar
17:07 / 2017-10-25

Poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 1-Bolalar va o‘smirlar sport maktabiga kelgan kishi bu yerda yaratilgan sharoitlardan, tabiatning go‘zalligidan, havoning musaffoligidan yayrab, o‘zida badantarbiya qilish, sport bilan shug‘ullanish uchun kuch-g‘ayrat sezadi.

Poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 1-Bolalar va o‘smirlar sport maktabiga kelgan kishi bu yerda yaratilgan sharoitlardan, tabiatning go‘zalligidan, havoning musaffoligidan yayrab, o‘zida badantarbiya qilish, sport bilan shug‘ullanish uchun kuch-g‘ayrat sezadi. Shuning uchun ham maktab tarbiyalanuvchilaridan tashqari yaqin atrofda yashovchilarning ko‘pchiligi kunini ushbu maskandan boshlaydi: kimdir stadionda yuguradi, yana birov turnikka tortiladi, boshqasi badantarbiya bilan shug‘ullanadi.

Bu mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzi g‘oyalari tobora ommalashib borayotgani, sport chin ma’noda umummilliy harakatga aylanayotganining tasdig‘idir.

– Men shu maktabda sportning karate turi bilan shug‘ullanaman, – deydi Ismoil Yoqubov. – Xabaringiz bor, karate 2020-yili Tokioda bo‘ladigan yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan. Mening maqsadim ham kelgusida Vatanimiz dovrug‘ini dunyoga taratishga ulush qo‘shishdir. Hozir O‘zbekiston kubogi musobaqalariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘ryapman.

16 yoshli Ismoil 9 yildan buyon ushbu maktabda Qahramon Dehqonov qo‘l ostida muntazam shug‘ullanib kelmoqda. Iste’dodli sportchimiz shahar va respublika miqyosidagi musobaqalarda toblanib, 2014-yili Malayziyada o‘tgan Osiyo kubogida kumush medalni qo‘lga kiritdi.

13.jpg

Cport sohasida erishilayotgan yutuqlar mamlakatimizning dunyo miqyosida obro‘-e’tibori oshishiga xizmat qilmoqda. Sportchilarimiz Olimpiya o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlari, ko‘plab xalqaro turnirlarda shohsupaning yuqori pog‘onalarini egallamoqda.

Bu muvaffaqiyatlar sohani rivojlantirishning yaxlit tizimi yaratilgani, har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash ishiga davlat siyosati darajasida ustuvor ahamiyat qaratilayotgani samarasidir. Prezidentimiz rahnamoligida jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, aholining barcha qatlami, xususan, yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda.

Yosh avlodning yuksak intellektual salohiyatli, zamonaviy bilim va tafakkurga ega, shu bilan birga sog‘lom turmush tarziga qat’iy rioya qiladigan, jismonan sog‘lom, ruhan tetik insonlar etib voyaga yetishida mamlakatimizning barcha hududlarida barpo etilgan va zamonaviy talablar asosida jihozlangan bolalar sport majmualari, suv havzalari, sport zallari va maydonlarining o‘rni beqiyosdir.

Mazkur sport maktabida 760 dan ortiq tarbiyalanuvchiga 24 malakali murabbiy sport sir-asrorlarini qunt bilan o‘rgatmoqda. Maktab futbol, boks, badiiy gimnastika, dzyudo, karate, taekvondo, yunon-rum kurashi, milliy kurash, qilichbozlik, og‘ir atletika kabi sport turlariga ixtisoslashgan.

– Bugun bolalar uchun barpo etilgan mana shunday sport majmualari, ularda yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘rib ich-ichimizdan quvonamiz, – deydi maktab direktori Dilshod Mahmudov. – Maktabimizda yoshlarning iqtidorini yuzaga chiqarish, ularning xalqaro sport musobaqalarda yuqori natijalarga erishishini ta’minlashga harakat qilyapmiz.

4.jpg

– Har bir ota-onaning ezgu orzusi sog‘lom farzandni voyaga yetkazishdir, – deydi murabbiy Qahramon Dehqonov. – Bu jarayonda bolalarning yoshlik chog‘idan sport bilan do‘st bo‘lishi muhim. Chunki sport bolaning o‘z ustida ishlashi, qat’iyatlik va mardlik xususiyatlarining shakllanishi, g‘alabaga intilishi, mustahkam irodaga ega bo‘lishi uchun puxta zamin yaratadi. Bugun sportga mehr qo‘ygan o‘g‘il-qizlarning hammasi ham kelajakda chempion bo‘lmasligi mumkin. Ammo ularning tani sog‘lom, ruhi tetik, fikri tiniq bo‘lishi aniq.

Maktabning karate seksiyasida yuzga yaqin o‘g‘il-qiz qatnashmoqda. Har bir guruhda haftasiga uch marotaba bir yarim soatdan mashg‘ulot o‘tkaziladi. Murabbiyning ta’kidlashicha, Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olganidan buyon mazkur sport turi bilan shug‘ullanuvchilar soni ortib bormoqda.

Maktabda xalqaro maydonda yuksak yutuqlarga erishgan professional sportchilar bilan tez-tez uchrashuvlar o‘tkaziladi. Jumladan, tajribali bokschimiz Elshod Rasulov, stol tennisi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi Saida Mahmudova, karate bo‘yicha xalqaro turnirlar g‘olibi Hilola Badalova kabi taniqli sport ustalari bilan uchrashuvlar va ular o‘tkazgan mahorat darslari bolalarda katta taassurot qoldirdi.