Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuksak ijodiy parvozlar sari
17:21 / 2015-09-17

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida navqiron avlodning ma’naviy olami va madaniy saviyasini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida navqiron avlodning ma’naviy olami va madaniy saviyasini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2008-yil 8-iyuldagi “Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009-2014-yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Mazkur dastur asosida ko‘plab musiqa va san’at maktablari ta’mirlanmoqda, yangilari bunyod etilmoqda. Bu ta’lim dargohlarida yaratilgan qulay sharoitlar yosh avlodning madaniyat va san’at sohasida salmoqli yutuqlarga erishishida muhim o‘rin tutmoqda.

Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 27-bolalar musiqa va san’at maktabi ham yosh iqtidor sohiblarini kashf etayotgan ana shunday ta’lim maskanlaridan. Bu yerda yoshlar fortepyano, torli, damli va kamonli cholg‘ular, xoreografiya, estrada xonandaligi, an’anaviy ijrochilik, tasviriy san’at kabi yo‘nalishlar bo‘yicha tahsil olmoqda. Ikki yuzdan ortiq o‘quvchiga o‘ttiz yettita pedagog san’at sirlaridan saboq berib kelayotir.

8c.jpg
– Ta’lim muassasamiz 2013-yili rekonstruksiya qilingan, – deydi maktab direktori Islom Yartiyev. – Natijada maktabimiz yangi musiqa asboblari, o‘quv qurollari, mashg‘ulot sinflari hamda fanlarga ixtisoslashtirilgan laboratoriyalarga ega bo‘ldi. 

Bu imkoniyatlar yoshlarning puxta bilim olishi, turli tanlov va festivallarda muvaffaqiyatli ishtirok etishida muhim omil bo‘lmoqda. Jumladan, maktabning “Dutorchi qizlar” ansamblidan Kamola Bahriddinova, Yulduz O‘rinova, Ayshe Habibullayeva, Sevinch Dalaboyeva o‘tgan yili poytaxtimizda o‘tkazilgan "Kamalak yulduzlari" festivalida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Yana yigirmaga yaqin yosh ijrochi mamlakatimizda o‘tkazilgan turli ko‘rik-tanlovlarda faxrli o‘rinlarga sazovor bo‘ldi. 

Ta’lim dargohida yangi o‘quv yili ko‘tarinki ruhda boshlandi. 

3c.jpg
– Musiqa inson ongiga ijobiy ta’sir etadi, – deydi xoreografiya va fortepyano o‘qituvchisi Irina Nikolayeva. – Faqat bola chalayotgan kuy, musiqa asbobi uning qiziqishi, didi, dunyoqarashiga mos bo‘lishi kerak. Shunda uning san’atga mehri yanada yuksaladi, mahorati toblanadi. Mashg‘ulotlarimizda bunga alohida e’tibor qaratganmiz. 

– Uch yildan buyon dutor chalish sirlarini o‘rganmoqdaman, – deydi maktab o‘quvchisi Kamola Bahriddinova. – Guruhimiz bilan poytaxtimizda o‘tkazilayotgan turli musiqa va san’at festivallarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelayapmiz. Bu biz kabi yoshlarni ta’lim jarayonida turli fanlarni yanada mukammal o‘rganishga undaydi.