Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuksak cho‘qqilarni zabt etish kichik dovonlarga ko‘tarilishdan boshlanadi
09:44 / 2022-05-19

Turkiyada boks bo‘yicha ayollar o‘rtasida davom etayotgan Jahon chempionatining shiddatli va murosasiz bahslari tobora o‘zining yuqori cho‘qqisiga yaqinlashmoqda.

E’tiborlisi, kecha 18 may kuni kechki payti yakunlangan yarim final janglarida mamlakatimizning ikki nafar bokschi qizi O‘zbekiston ayollar boksi tarixida ilk bor Jahon chempionati sovrindorligiga erishdi.

Yarim final janglari jarayonida iste’dodli sportchimiz Aziza Yoqubova 50 kg. vazn toifasida kolumbiyalik Lorena Valensiyaga qarshi jang o‘tkazdi. Aytish lozimki, Jahon chempionatida ilk bor ishtirok etayotgan Yoqubova "Rio-2016" o‘yinlari sovrindori, jahon chempionatlari ishtirokchisi Lorena Valensiyaga qarshi munosib jang o‘tkazdi. Ayrim raundlarda ustunlikka ham erishdi. Ammo hakamlarning qarori bilan 1:4 hisobida final sari “yashil chiroq” kolumbiyalikka ochildi. Hamyurtimiz esa bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Endi ushbu sportchi finalda olimpiya o‘yinlari va Jahon chempionati sovrindori turkiyalik Buse Naz bilan oltin va kumush medallar masalasini hal etadi.

81 kilogrammdan og‘ir vaznda yurtimiz sharafini himoya qilgan Mohira Abdullayeva yarim finalda marokashlik Xayja Mardi bilan ro‘baro‘ keldi.  Ilk raunddagi yaxshi harakat, ammo kichik jarohat natijasida shifokorlarning taqiqi sabab jang to‘xtatildi. Shu bois hakamlar Xayja Mardiga g‘alabani taqdim etdi. Mohira Abdullayeva bronza medali bilan taqdirlanadigan bo‘ldi.

Hamyurtimiz qarshiligidan o‘tgan marokashlik bokschi qizni finalda turkiyalik, jahon chempionatlarining kumush va bronza medallari sohibi Shennur Demir kutib turibdi.

Aytish joiz, chempionatning yarim final janglarida ishtirok etgan turkiyalik charm qo‘lqop ustalarining 7 nafaridan 5 nafari oltin medallar uchun kurashni davom ettirish huquqiga ega bo‘ldi. 2 nafari bronzani qo‘lga kiritdi. Ulardan biri Elef Gyuneri 81 kilogrammgacha og‘irlikda ayollar boksi bo‘yicha besh karra jahon chempionatlari sovrindorligiga erishgan sportchi nomiga ega chiqdi.

Yana bir e’tiborli holat: O‘zbekiston bokschi qizlari ilk bor Jahon chempionatining medallariga musharraf bo‘lgan musobaqada o‘nlab qit’a, jahon chempionatlari sovrindorlari, olimpiya o‘yinlarining ishtirokchi va g‘oliblari bahslarni saralashlardayoq tark etdi. Shuningdek, finalga omad va matonat bilan yetib kelgan Jahon chempioni Xitoy taypeilik Lin Yu-Tin 57 kg. vaznda, braziliyalik Jahon chempioni Beatras Frreyra 60 kg. og‘irlikda, kanadalik Charli Kavana 66 kilogrammda, Olimpiada va Jahon chempioni turkiyalik Busenaz Syurmeneli (66) kabi qator nomdor bokschi qizlar o‘z sharaflarini himoya qilishadi.

Bugun 19 may  - kunning ikkinchi yarimida Jahon chempionatining final janglari bo‘lib o‘tadi. Musobaqa dasturiga binoan bugun 6 ta, ertaga 20 may kuni qolgan olti vaznda jahon chempionatining oltin medallari uchun janglar o‘tkaziladi.

Shu o‘rinda ta’kidlamoq lozim, yosh va iqtidorli murabbiy Elshod Rasulov bosh murabbiyligidagi boks bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasining Turkiyada qo‘lga kiritgan ikkita bronza medali mamlakatimizda ayollar sportining, xususan, boksining yangi g‘alabalar sari dadil odimi, qolaversa, "Parij-2024"  olimpiya o‘yinlari yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi, deyish mumkin. Zero, yuksak cho‘qqilarni zabt etish kichik-katta dovonlarga ko‘tarilishdan boshlanadi.

To‘lqin Ro‘ziyev. O‘zA