Xalqning, millatning buyukligi, bugungi globallashgan zamonda yashovchanligi, taraqqiy etishi uning ma’naviyati, ma’rifati, tarbiyasi va tafakkuri bilan bog‘liq. Zero, ertangi odimlarni bugun o‘sib-ulg‘ayayotgan yoshlarning ilm-ma’rifatli, zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan, intellektual salohiyatli avlod bo‘lib kamol topishi hal qiladi. Xuddi shu ma’noda, O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’lim-tarbiya masalasiga yuksak ahamiyat berilayotgani hamda “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi”, degan ezgu da’vat ostida yosh avlod kamoli yo‘lidagi izchil islohotlar ko‘lami kun sayin ortayotgani barchamizga ayon.
Shu bois, “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurilayotgan Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya ta’lim-tarbiyani qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilmoqda. Maktablarda o‘qituvchi kasbining nufuzini oshirish, sharoitini yaxshilash “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”dagi eng asosiy vazifalardan biri etib belgilangan. Bu borada Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ta’lim tashkilotlarida ham istiqbolli loyihalar yo‘lga qo‘yilgan.
-Ta’lim jarayoni va o‘quvchilarning erishayotgan yutuqlari bo‘yicha olib borilgan targ‘ibot ishlari natijasida Prezident maktablarida o‘qish istagida hujjat topshirgan o‘quvchilar soni 56 745 nafarni tashkil qilib, bu o‘tgan yilga nisbatan 35 foizga oshganini bildiradi, -deydi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi axborot xizmati rahbari Jo‘rabek Jangirov. –E’tiborli jihati, endi o‘quvchilar uchun Prezident maktabiga hujjat topshirish bilan birga qo‘shimcha ixtisoslashtirilgan maktablarga ham hujjat topshirish imkoniyati yaratildi. Ijod maktablarining qabul kvotasi ham o‘tgan yilga nisbatan 1,2 barobarga oshirildi. Tayanch ixtisoslashtirilgan maktablarida bir o‘quvchi o‘rniga 68 nafar o‘quvchi hujjat topshirgan bo‘lib, bu avvalgi yillarga qaraganda ancha yuqori ko‘rsatgich. Hududiy ixtisoslashtirilgan maktablarda ham o‘qish istagini bildirganlar salmoqli raqamlarni tashkil etadi. Ma’lumot o‘rnida aytish o‘rinliki, yangi o‘quv yilida Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida jami 205 ta ta’lim tashkilotlarida 70 438 nafar o‘quvchilar ta’lim-tarbiya olishadi.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, mamlakatimizda ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inida asosiy kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan me’yoriy hujjatlar qabul qilingan bo‘lib, amaliy sa’y-harakatlar belgilab olingan. Maqsad intellektual, ma’naviy-axloqiy, madaniy va innovatsion taraqqiyotga erishish uchun mustahkam poydevor yaratish.
Ma’naviyat keng quloch yoygan, madaniyat yuksalgan, ilm taraqqiy etgan mamlakatlardagina adolatli jamiyat qurilishi va bir-biriga mehr-oqibatli insonlar yetishib chiqishi mumkin. Bunday xalqning ertangi kunga ishonchi va bunyodkorlik, ezgulikka intilishi kuchli bo‘ladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/QSZUcM2oD14" title="Yuksak bilim va tarbiya jaholatga yo‘l bermaydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
O‘tkir Alimov, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA