Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuk avtomobillarining og‘irligi belgilangan me’yoriy o‘lchovlarga mos bo‘lishi lozim
16:22 / 2024-10-18

Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatga ega “Guliston-Bo‘ka-Angren-Qo‘qon-Andijon-O‘sh” avtomobil yo‘lida joylashgan maxsus punktda transport vositalarining vazn va hajm parametrlari bo‘yicha nazorat tadbiri o‘tkazildi.

Andijon viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi, Avtomobil transportida nazorat Andijon hududiy bo‘limi va IIB JXX YHXB hamkorligida bo‘lib o‘tgan reyd tadbirlarida  avtomobil yo‘li tarmog‘ini saqlash, transport vositalarining xavfsiz harakatlanishini ta’minlash hamda og‘ir vaznli transport vositalarining harakatlanishida vazn, hajm parametrlarini nazorat qilish holatlari tekshirildi. 

[gallery-19829]

– Barcha turdagi yuk avtomobillarining og‘irligi viloyat hududidagi avtomobil yo‘llarida harakatlanish uchun belgilangan me’yoriy o‘lchovlarga mos kelishi shart, – deydi Xo‘jaobod tumani Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasining harakat xavfsizligi bo‘yicha mutaxassisi Sherzod Mirzayev. – Ortiqcha yuk ortilganlik holati yoki transport vositalariga tushadigan ortiqcha yuk yo‘llar holatini belgilangan sifat darajasida bo‘lishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, barcha yuk avtomobillari haydovchilari belgilangan vazn parametrlariga qat’iy amal qilishi lozim.  

Nazorat tadbiri davomida  belgilangan me’yordan ortiqcha yuk bilan harakatlanayotgan transport vositalari aniqlanib, ularning haydovchilariga nisbatan qonun doirasida ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Bu kabi holatlarning oldini olish yuzasidan targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib borildi.  

Shuningdek, nazorat tadbiri doirasida ortiqcha yuk ortib olish bilan bog‘liq holatlarni muntazam qayd etib borish uchun nazorat punktiga maxsus video kuzatuv kameralari o‘rnatildi.  

F.  Ubaydullayev,  

Z. Umrzoqov (foto),  

O‘zA muxbirlari