Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yubiley shodiyonasi davom etmoqda
15:05 / 2022-11-03

O‘zA avval xabar berganidek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan joriy yil 31 oktyabr – 3 noyabr kunlari yurtimiz bo‘ylab Respublika turkman madaniyat markazi tashkil etilganining 20 yilligi keng nishonlanmoqda.

Bayram tadbirlarida ishtirok etish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurgan Turkmanistonning YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi ijrochi kotibi Chinar Rustamova boshchiligidagi delegatsiya, dasturga muvofiq, Toshkentdagi Mahtumquli barelefiga gul qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Shuningdek, poytaxtimizdagi “Turkiston” san’at saroyida “Milliy qadriyatlarimiz – milliy faxrimiz” shiori ostida ko‘rgazma, “O‘zbekiston – tinchlik va do‘stlikni tarannum etgan yurt” nomli gala-konsert tashkil qilindi.

Majmuaga kiraverishda tayyorlangan ko‘rgazma yurtimizda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar faoliyati, turli millatlarning boy, betakror madaniyati, urf-odat va an’analari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Turli millatlarga mansub libosdagi yoshlar yig‘ilganlarga ko‘rgazma bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.

[gallery-9408]

Saroyning katta zalida tashkil etilgan konsert boshlanishi oldidan so‘zga chiqqan Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov Respublika turkman madaniyat markazi tashkil etilganining 20 yilligi munosabati bilan yo‘llangan O‘zbekiston hukumati tabriknomasini o‘qib eshittirdi. Qutlovda o‘zbek va turkmanlarning bir-biriga uyg‘un o‘tmishi va buguni, xalqlarimiz orasidagi mustahkam aloqalar, tarixning turli bosqichlarida o‘rnatilgan turli sohalardagi hamkorlik ellarimizga o‘zlari tanlagan yo‘ldan muvaffaqiyatli borish imkonini berishi qayd etilgan.

– O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar sohasida olib borilayotgan davlat siyosatini yuqori baholayman, – dedi Turkmaniston delegatsiyasi rahbari, YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya ijrochi kotibi Chinar Rustamova. – Ikki mamlakat o‘rtasida turli sohalar, jumladan, madaniy yo‘nalishidagi hamkorlik keyingi yillarda jadal rivojlandi, bunda xalq diplomatiyasiga asoslangan aloqalar muhim ahamiyat kasb etadi.
Bayramona konsert dasturida O‘zbekiston va Turkmanistonning taniqli san’atkorlari, milliy madaniy markazlar havaskorlik jamoalari ijrosida turli xalqlar kuy-qo‘shiqlari, raqslari yangradi.

Behruz Xudoyberdiyev,

Davron Ernazarov (foto),

Yoqub Meliboyev (video),

O‘zA