French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yozyovonning yangi shaharchasi
10:09 / 2023-07-17

Bugun Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani "Yuqori Soybo‘yi" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivida qurilish ishlari qizg‘in pallaga kirgan.

Katta avtomagistral yo‘li yoqasida qad rostlayotgan ko‘p qavatli turar-joy va maishiy binolar o‘tgan-ketganning hayratiga sabab bo‘lmoqda. Saratonning jazirama issig‘iga qaramay mehnat qilayotgan quruvchilar matonati esa tahsinga sazovor.

Belgilangan rejaga ko‘ra, massivda jami 5 va 7 qavatli 138 turar-joy binolari qurilib, 3 ming 856 xonadon kalitlari fuqarolarga topshirilishi kerak. Shu kungacha jami 116 uy to‘liq bitkazilib, foydalanishga topshirildi. Joriy yil oxirigacha yana 216 xonadon bitkaziladi. Bundan tashqari, yangi shaharchada madaniyat saroyi, bitta maktab va ikkita bog‘cha, poliklinika, xizmat ko‘rsatish va savdo markazlari qurish bo‘yicha ham ishlar boshlab yuborilgan. 

– Barcha qurilish ishlari mas’ullar va tegishli tashkilotlar tomonidan qat’iy nazoratga olingan. Binolarning pishiq-puxta, mustahkam va chiroyli qilib qurilishi – davr talabi. Qurilish sohasiga oid hukumat qarorlari, yangicha me’yorlar, shuningdek, iste’molchilarning istagi ham shuni taqozo qiladi, – deydi “Far uch Binokor Elit” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Zohidjon Tursunov. 

Mutaxassislarning aytishicha, bu hududda yer osti sizot suvlari yaqin joylashgan. Shuning uchun har bir binoning dastlabki fundamentidayoq mustahkamlikka e’tibor berish zarur. Poydevor izolyatsiyasi – himoya qatlami sifatli bajarilsa, inshootlar umrboqiyligi ta’minlangan bo‘ladi.

– Bu yerda qurilish ko‘lami juda katta. Shunday bo‘lishiga qaramay, quruvchilarning texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etishlari doimiy nazoratimizda. Ish boshqaruvchilar, mutaxassislar, texniklarga yangi nizom, qurilish standarti talablari tushuntirib borilmoqda. Shunga qaramay, 20 ga yaqin holatda qurilish talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgani aniqlanib, buzib qayta qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Texnika xavfsizligi qoidalarini buzish hollari ham kuzatilmoqda, – deydi Farg‘ona viloyati qurilish, uy-joy, kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi bosh inspektori Faxriddin Kojobekov. – Inshootlarning zilzilabardoshligi, energiya tejamkorligi, ishlatilayotgan materiallar sifati alohida e’tiborimizda. Muhim jihati shuki, “Yangi O‘zbekiston” massivida qurilayotgan binolar tomiga quyosh suv isitish kollektorlari, quyosh elektr panellari o‘rnatilmoqda. Buning natijasida butun uy-joyda foydalaniladigan issiq suvning 25 foizi, elektr energiyasining 10-15 foizi ta’minlanadi. Shuningdek, binolar fasad qismi bazalt qoplama bilan qoplanishi, sendvich paneldan tayyorlangan eshik-romlar xonadonlarning qishda issiq, yozda salqin bo‘lishini ta’minlaydi.

– Qurib bitkazilgan uydan yaxshi niyatlar bilan uch xonali xonadon sotib oldim. Bankdan imtiyozli kredit ham berishdi. Barcha sharoitlari bor, shahardagi uylardan o‘tsa o‘tadiki, qolishmaydi. Farzandlarim, oila a’zolarimning quvonchi cheksiz, – deydi Dilmurodjon Qodirov. – Ko‘pchilik bu yaydoq hududda ko‘rkam shaharcha bo‘lishiga ishongisi kelmagan. Ko‘p yillik quruvchi sifatida ayta olamanki, bu yerda qad rostlayotgan inshootlar har tomonlama pishiq-puxta, mustahkam va zamonaviy arxitektura me’yorlari asosida qurib bitkazilyapti. Elektr, suv, gaz liniyalari tortilgan, oqava suv tarmog‘i – kanalizatsiya barpo etilmoqda. Bir necha yildan so‘ng bu yer gavjum shaharchaga aylanadi. Xalqimiz farovonligi, yurtimiz obodligiga hissa qo‘shayotganimizdan faxrlanamiz, – deydi “Marg‘ilon Binokor qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Qobiljon Sotvoldiyev. 

Bir so‘z bilan aytganda, zamonaviy shaharsozlik talablari asosida bunyod etilayotgan mazkur majmua yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi namunasi sifatida tarix zarvaraqlariga yozilajak. Mamlakatimizning turli hududlarida ko‘kka bo‘y cho‘zayotgan bunday massivlar qalblarga faxr iftixor bag‘ishlaydi.

M.Sulaymonov, O‘zA