Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yozyovonda tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazi ish boshladi
16:00 / 2022-06-07

Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani tibbiyot birlashmasi tarkibida tashkil etilgan tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazi foydalanishga topshirildi.

Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi. Prezidentimizning 2021 yil 26 iyuldagi “Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bilan 2021-2022 yillarda Respublika bo‘yicha 35 ta tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etilishi belgilangan. Shunday markazlardan viloyatda ikkinchisi Qo‘qon shahridan so‘ng Yozyovonda ish boshladi. Qarorga asosan Bag‘dod tumani tibbiyot birlashmasi tarkibida ham tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

8 oy davomida qurib bitkazilgan markazning qurilish ishlari uchun 7,5 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Markazni jihozlash uchun esa 1,8 million dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltirilib, 27 turdagi tibbiy jihozlar, shu jumladan, qiymati 2,5 milliard so‘m bo‘lgan multisperal kompyuter tomografiyasi (MSKT) apparati, 2,2 milliard so‘m qiymatidagi Rentgen-diagnostika apparati, 2 milliard so‘mlik gemodializ apparati keltirilib, o‘rnatildi. Yozyovon tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazi 50 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, markazda oliy toifaga ega 32 nafar shifokor, 210 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari, 96 nafar kichik tibbiyot xodimlari faoliyat ko‘rsatishi belgilangan. 

Markazga keltirilgan bemorlarga zamonaviy tibbiy apparaturalardan foydalangan holda yuqori texnologik operatsiyalar, shu jumladan, yurak-qon tomirlariga stend qo‘yish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Kompyuterli tomograf va zamonaviy rentgen apparati yordamida bemorlarga shoshilinch ravishda tashxis qo‘yish, o‘z vaqtida yuqori malakali shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyati mavjud. Yozyovon tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazi yozyovonliklar bilan birga hududdagi Quva, Toshloq va Qo‘shtepa tumanlari aholisiga ham shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatadi. 

[gallery-7472]

M.Sulaymonov, 
O‘zA muxbiri
M.Qodirov olgan surat