So‘nggi yillarda Yozyovon tumani tibbiyotida katta ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. 2022 yilda Tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va yurak-qon tomir kasalliklari markazining ochilishi katta voqea bo‘lgandi. Markaz zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanib, Quva, Toshloq, Qo‘shtepa tumanlari aholisiga ham shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Respublika, xorij darajasidagi noyob operatsiyalar ham markazda o‘tkazilib kelinyapti. Ilgarilari ko‘pchilik yozyovonlik bemorlar qo‘shni shahar va tumanlarda davolangan edi. Endilikda kamyob tibbiyot jihozlari borligi va yuqori malakali shifokorlar jamoasi tashkil topgani uchun boshqa shahar, tumanlardan shifo izlab Yozyovonga kelishyapti.
Prezidentning 2023 yil 25 dekabrdagi “2024-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tug‘uruqxona majmuasi, ma’muriy, laboratoriya, bolalar va terapiya binolarida rekonstruksiya ishlari belgilandi.
Joriy yilda 12 mlrd. 548 mln so‘m mablag‘ sarflanib, markaziy shifoxonaning barcha bino-inshootlari qayta qurilib, foydalanishga topshirildi.
[gallery-21058]
Tug‘ruq bo‘limidagi xonalarga muzlatgich, televizor qo‘yilib, konditsioner o‘rnatildi.
Tuman tibbiyot birlashmasi mehnat jamoasi ahilligi tufayli “Tashabbusli byudjet” loyihasida bir necha bor g‘olib bo‘ldi. Natijada Ishtirxon, Qatortol oilaviy shifokorlik punktlari yangi qiyofa kasb etdi. Tibbiyot birlashmasi moddiy-texnik bazasi boyitilib, bemorlarga sharoitlar yaxshilandi.
– Biz shifokorlarni mamlakat yetakchi davolash markazlariga uch, olti va o‘n ikki oyga malaka oshirishga yuboryapmiz, – deydi Yozyovon tumani tibbiyot birlashmasi bo‘lim boshlig‘i Toshmuhammad Sarimsaqov. – Natijada eng nozik jarrohlik amaliyotini ham o‘zimizda bajarish imkoni yaratildi.
Muhammadjon Obidov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA muxbirlari