FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida joriy yilda 4850 gektar yerga paxta ekilgan bo‘lib, uning 4290 gektari istiqbolli xorij navlaridir. Qishloq xo‘jaligida ilm-fan yutuqlari, innovatsiya g‘oyalaridan foydalangan holda tuman paxtachiligida keyingi yillarda quvonarli yutuqlarga erishilmoqda.
Xususan, bu yil tumanda 2 ming 405 gektardagi hosilni paxta terish mashinalari orqali terib olish rejalashtirilgan. Ayni kunlarda 11 ta zamonaviy paxta terish mashinalari yordamida terib olinayotgan hosil peshma-pesh saqlash omborlariga yetkazib berilmoqda. Mavsum yumushlarini o‘zaro hamjihatlikda o‘tkazish uchun 52 yig‘im-terim otryadi tashkil etilgan.
[gallery-25440]
Aytish joiz, yuqori unumli zamonaviy paxta terish mashinalarining 8 tasi yozyovonlik fermer xo‘jaliklari tomonidan joriy mavsum oldidan xarid qilindi. Hozirda har bir paxta terish mashinasi yordamida kuniga o‘rtacha 40-45 tonna paxta terib olinib, 400-450 nafar terimchining ishi bajarilyapti.
- Bu yil 148 gektar yerda paxta parvarishladik, uning 100 gektarida Xitoydan keltirilgan istiqbolli navdan mo‘l hosil yetishtirildi, - deydi tumandagi “Bahrombek” fermer xo‘jaligi rahbari Mirzohid Olimov. - Fermer xo‘jaligimiz tasarrufidagi paxta terish mashinasi ko‘magida kuniga 10-15 gektardagi hosil yig‘ishtirib olinayotir. Dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda, mahalliy navning har gektaridan o‘rtacha 40, Xitoy navidan 60-65 sentner hosil olinmoqda. Bu xarajatni qisqartirish, o‘z navbatida daromad salmog‘ini oshirishi bilan g‘oyatda ahamiyatlidir. Bu boradagi islohotlar tufayli so‘nggi yillarda paxta va g‘alla hosildorligi oshib, daromad ham shunga munosib tarzda yuksalib bormoqda. Ayni kunlarda xo‘jaligimizda 10 dan ortiq yuqori unumli qishloq xo‘jaligi texnikalari mavjud.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA