Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yozyovonda kelasi yil hosiliga zamin yaratilmoqda (+video)
18:29 / 2025-10-31

Yozyovon tumanining ekin maydonlari asosan Markaziy Farg‘ona cho‘llarida. Ya’ni qumloq va suvsiz. Bu yerlarda dehqonchilik qilish mashaqqatini fermerlar yaxshi biladilar. Lekin 2025 yil dehqonchilikda Yozyovon yili bo‘ldi, desa ishonavering. Chunki tuman paxtakorlari peshqadamlar safida shartnoma rejasini bajardilar.

– Rejamiz o‘rtacha 43,6 sentner edi. Uni bajardik. Lekin Xitoydan keltirilgan urug‘lik ekilgan maydonlar 50-60 sentnerdan, hatto 65 sentnergacha hosil berdi, – deydi Yozyovon tuman fermerlar kengashi raisi Shavkatjon Mirzakarimov. – Bu yil yalpi hosilning yarmini terim mashinalarida yig‘ishtirib oldik. Kelasi yil yana 6 ta terim mashinasi olish rejalashtirilgan. Shunda tumanimizdagi terim mashinalari soni 20 taga yetadi.  O‘shanda tumanda yetishtirilgan paxtani 100 foiz mashinalarda terib olish imkoni bo‘ladi.  

Ana shunday ilg‘or fermer xo‘jaliklaridan biri dalalarida bugun don parvarishi avjida. “Fayzli yangi bo‘ston” fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Ahmadjon Aliqulov barra unib chiqqan don ko‘chatlarini ko‘rib ko‘zi quvnayapti. Ha, endi paxtani do‘ndirib qo‘ygandan keyin g‘allani barvaqt ekkandi-da.

– 19 gektarga Xitoydan keltirilgan paxta chigitini ekdik. Paxta juda ham serhosil bo‘ldi. Ilgarilari o‘rtacha 30 sentnerdan oshirolmaganmiz, – deydi “Fayzli yangi bo‘ston” fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Ahmadjon Aliqulov. –Bu yil Xitoy urug‘i 1 gektaridan 45 sentnerdan hosil berdi. Terim mashinasida atigi 3 kunda terib, rejani bajardik.  

Yozyovonlik fermerlar paxtani erta yetishtirdi, uyushqoqlik bilan yig‘ib oldi. Reja ortig‘i bilan bajarilgach, tozalangan maydonlar haydovdan chiqarildi. Agrotexnik talablar  to‘liq amalda bajarildi. Natijada serunum seyalkalarning kechayu kunduz ishlashi tashkil etildi.

– 20 gektarga bug‘doy ekkan edik. Unuvchanligi 99 foiz bo‘ldi. Har gektaridan 80 sentnerdan g‘alla oldik. Shuning uchun yana Linken seyalkalarida ekdik g‘allani, – deydi Ahmadjon Aliqulov.

Buni qarang, g‘alla maydonida ko‘chat bir tekis unib chiqqan. Ko‘chatlar baquvvat. Ko‘rinishi ham timqora. Bu ham mayli. Urug‘lik haydalgan maydonga tashlandi. Qolaversa, sentyabr-oktyabr oyida ekildi don.

– Shu kungacha tuman bo‘yicha rejadagiga nisbatan 95 foiz maydonga don ekildi. Buning asosiy sababi maydonlar erta bo‘shadi. Undagi g‘o‘zapoyalarni maydalab yerga o‘g‘it sifatida tashladik va yerni haydab g‘alla ekdik, – deydi Shavkatjon Mirzakarimov.  

Kelasi yil Yozyovon tumanida g‘alladan o‘rtacha hosildorlik 80-90 sentner bo‘lsa, bilingki, u bugunning mehnati samarasidir.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/lty6YWm3p30" title="Yozyovonda kelasi yil hosiliga zamin yaratilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA