Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan ,,Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida Yozyovon tumanida bahorgi ko‘chat ekish mavsumi uchun chora-tadbirlar belgilanib, bu xayrli ishga astoydil kirishildi.
Mehnat jamoalari, o‘quv yurtlari, ta’lim tashkilotlari, fermer xo‘jaliklarining bo‘sh joylar, yo‘l, dala chetlari, ariq va zovur bo‘ylariga mevali-manzarali ko‘chatlar ekilyapti.
Muborak Ramazon oyi davom etayotgan bir paytda tumanning Yangi O‘zbekiston mavzesida ,,Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida katta hashar o‘tkazildi. Unda tuman aholisidan ko‘pchilik qatnashdi. Mavzening ko‘p qavatli uylar va kichik sanoat zonasi o‘rtasida bir yarim gektar maydonga yetti xil turdagi katalpa, chinor, yapon safurasi, xitoy sireni singari daraxt ko‘chatlari ekildi.


Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Hakimjon Dolimov, sohaga dahldor boshqarmalar mutasaddilari, tuman rahbariyati, korxona, tashkilot, muassasalarning ishchi-xizmatchilari, ziyolilar, nuroniylar ishtirok etishdi. So‘zga chiqqanlar Prezidentimiz boshlab bergan tashabbusning tumanimizdagi ijrosini qo‘llab-quvvatlab, mamnun bo‘lib gapirishdi.


Hasharda faol xotin-qizlar tomonidan doshqozonga sumalak solindi. Sumalak atrofida milliy kiyimlardagi folklor dastasining lapar va raqslari tadbirga fayz kiritdi.
Azimjon Xudoyqulov,
Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani hokimligi axborot xizmatining rahbari
O‘zA