FOTOREPORTAJ
Markaziy Farg‘ona hududida joylashgan Yozyovon tumanida mavjud tabiiy-iqlim sharoiti, soha fidoyilarining katta hayotiy tajribasi chorvachilik tarmog‘ini zamonaviy mezonlar asosida rivojlantirishda qo‘l kelmoqda.
Bugungi kunda tumanda aynan chorvachilikka ixtisoslashgan 32 ta fermer xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatadi. Ularning 8 tasi naslchilik xo‘jaliklari sirasiga kiradi.
Fermer xo‘jaliklarida qariyb 5 ming, shuningdek, aholi xonadonlarida 34,6 ming bosh qoramol parvarishlanmoqda. E’tiborlisi, keyingi yillarda chorva bosh sonini oshirish, mahalliy sharoitda naslli zotlar olishni ko‘paytirish hisobidan aholini arzon va sifatli go‘sht, sut mahsulotlari bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotir.
- Avstriyadan keltirilgan 100 boshdan ziyod naslli qoramollarni parvarishlayapmiz, - deydi “U. Jalilov” naslchilik fermer xo‘jaligi rahbari Valijon Jalilov. - Xo‘jaligimiz qoshida maxsus laboratoriya tashkil etilgan bo‘lib, fermer xo‘jaliklari, aholi vakillari uchun zotli buzoqlar yetkazib beriladi. O‘z navbatida kuniga sutni qayta ishlash korxonalariga o‘rtacha 1,5-2 tonna sut jo‘natamiz.
[gallery-25653]
Hozirda fermer xo‘jaligi qoshida sutni qayta ishlash korxonasini ham ochish uchun qo‘shimcha bino qurib bitkazildi. Yaqin istiqbolda bu yerda 10 dan ortiq ish o‘rni yaratish va bir necha turdagi tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA