Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yozyovon tajribasi” viloyatda keng ommalashtiriladi
10:19 / 2023-04-16

Farg‘ona viloyatida joriy yilda baliqchilik tarmog‘ida 106 milliard so‘mlik 69 ta loyiha amalga oshiriladi. Yozyovon tumanida bu borada katta tajriba bor.Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tumanda bo‘lib, “Katta tosh baliqlari” fermer xo‘jaligidagi intensiv usulda yo‘lga qo‘yilgan baliq yetishtirish jarayonlari bilan tanishdi. Bu yerda fermer xo‘jaligi rahbari Fayzullo Imomov amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Shundan so‘ng viloyat hokimi baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish va baliq mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha tuman shtabida baliqchilikka oid ko‘rgazmalarni ko‘zdan kechirdi. Baliqchilik bo‘yicha o‘quv markazida bo‘ldi. Viloyatning tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlari, tuman davlat soliq inspeksiyasi rahbarlari hamda fermerlar jalb etilgan viloyat seminarida “Yozyovon tajribasi” misolida viloyatda baliqchilikni keng ommalashtirish kun tartibidan o‘rin oldi.

Seminarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan soha rivoji uchun ko‘plab imkoniyatlar, shart-sharoitlar yaratilganligi qayd etildi. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bugun dunyo mamlakatlari oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biri ekaniga e’tibor qaratgan viloyat rahbari, tarmoqni yanada rivojlantirish istiqbollari, mavjud imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Yanvar oyida tumanda 64 ta baliqchilik xo‘jaliklari faoliyat olib borgan bo‘lsa, ayni kunda ularning soni 84 tani tashkil etgani, 1800 gektarda baliqchilik yo‘lga qo‘yilgani ma’lum qilindi. Har bir qarich yerdan samarali foydalanish maqsadida intensiv usulda baliq yetishtirishni ko‘paytirish va samaradorlikka erishish vazifalari belgilandi. Mutasaddilarga viloyatda baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqish, soha vakillari uchun o‘quvlar tashkil etish, Jahon banki mablag‘lari va mahalliy imtiyozli kredit resurslaridan unumli foydalanish, amaliy seminarlarni boshqa tumanlarda ham o‘kazishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

“Ibragimov Doston fayz” baliqchilik klasteri rahbari Erkinjon Ibrohimov baliqchilikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha viloyat hokimi maslahatchisi sifatida faoliyat olib borishi e’lon qilindi. Seminarda quyosh panellari va aeratorlarni o‘rnatish, zamonaviy texnologiyalar afzalliklari, yer tanlash va ozuqa yemlardan to‘g‘ri foydalanish yuzasidan tajribali fermerlar va soha bilimdonlarining ma’ruzalari, taqdimotlari amalga oshirildi.

M.Sulaymonov,

O‘zA