Markaziy Farg‘ona cho‘li hududida joylashgan Yozyovon tumani bugun yanada chiroy ochib, ko‘rkam qiyofa kasb etmoqda.
“Yuqori soybo‘yi” mahalla fuqarolar yig‘inida “Yangi O‘zbekiston” massivining qurilish ishlari boshlandi. Bir paytlar odamlar orzu qilgan shahardagidek sharoitlar endi qishloqlarda yaratilmoqda. Yozyovonga qadam qo‘ygan kishi bu o‘zgarishlar, yangilanishlarni yaqqol sezishi mumkin.
Tuman hududidan o‘tgan A-373 xalqaro ahamiyatdagi yo‘l bo‘ylarida xizmat ko‘rsatish va servis sohasi rivojlantirilib, yangi ob’ektlar ishga tushirildi va bu ishlar davom etmoqda. Bu hududda aholi baliqchilikda katta tajriba maktabiga ega. Ayni kunlarda sanoat va tadbirkorlik yo‘nalishida ko‘plab loyihalar amalga oshirilayotgani e’tiborga loyiq.
To‘g‘risi, bir paytlar nafaqat qishloqlar, balki tuman markazlarini obodonlashtirish masalasi muammo bo‘lgan. Bugunga kelib esa vaziyat butunlay o‘zgardi. Birgina “Obod qishloq” dasturi asosida o‘ndan ortiq qishloqlar butunlay obod bo‘lib, ichimlik suvi, elektr energiya ta’minoti, yo‘llarni ta’mirlash kabi masalalar ijobiy yechim topdi. Aholining turmush darajasi yaxshilanyapti.
Farg‘ona viloyatida birinchilardan bo‘lib, o‘tgan yil tumanda “Obod markaz” dasturi ishlab chiqildi. Ayni dasturga muvofiq amalga oshirilayotgan katta hajmdagi bunyodkorlik ishlari natijasida tuman markazi chiroy ochib, aholi uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan hududga aylanmoqda.
Mustaqillik ko‘chasida 7 milliard 400 million so‘mlik loyiha asosida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bajarildi. Rosti, yozyovonliklar tumanga kelgan mehmonni oldida “shu markaziy ko‘chamiz” deyishga xijolat bo‘lgan. Qisqa vaqt ichida 1,2 kilometr uzunlikdagi yo‘l keng va ravon, yo‘l o‘rtasida takrorlanmas dizayn usuldagi tungi chiroqlar, piyodalar, velosipedchilar uchun yo‘laklar, ariqlar, yashil maydon tashkil etildi. Bu ko‘chadan yurgan kishining dili yayraydi, obodlikdan ko‘z quvnaydi.
Tuman hokimi Dilshodjon Jalilovning ma’lum qilishicha, bu ishlar tizimli davom ettiriladi. Joriy yilda Al Farg‘oniy ko‘chasida 3 milliard so‘mlikdan ortiq mablag‘ hisobiga obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi.
M.Sulaymonov, O‘zA