Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yozuvchilar uyushmasining Tojik adabiyoti kengashi 2025-yilda qanday ishladi?
18:13 / 2026-02-03

Mamlakatimizda turli tillarda ijod qilayotgan shoir va yozuvchilarning samarali mehnat qilishi uchun zarur barcha imkoniyatlar yaratilgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Tojik adabiyoti kengashining 2025-yildagi faoliyatiga oid hisobotiga bag‘ishlangan anjumanda shu haqda batafsil so‘z yuritildi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, taniqli shoir G‘ayrat Majid davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosati tufayli  keyingi yillarda yurtimizda ma’rifiy yangilanish jarayonlari shiddat bilan kechayotganini ta’kidladi. Milliy adabiyotimiz ravnaqi yo‘lidagi e’tibori natijasida O‘zbekistonda yashab ijod qilayotgan tojik qalamkashlari ham ilhom bilan ijod qilmoqda. Mamlakatimizda 2025-yilda ko‘plab kitoblar qardosh tojik tilida nashr etildi. Ular ichida o‘zbek tilidan tarjima etilgan asarlar ham bor.  

Uyushmaning Tojik adabiyoti kengashi raisi Xusrav Sa’dullohning aytishicha, yil davomida O‘zbekistonda 60 nafardan ortiq shoir va yozuvchining  she’riy va nasriy asari chop etildi. Paymonning “Devoni”ning ikkinchi jildi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida  nashr etildi. Shoir va yozuvchi Muhammad Shodiyning  10 ta asari nashr etilgani quvonarli bo‘ldi.  

Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani fors tilida Yunus Imomnazar  tarjimasida  Eronda, O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari”  romani tojik tilida Nasiba Zayniddinova tarjimasida, Shukur Xolmirzayevning qissa va hikoyalari Sharif Xalil tarjimasida nashrga tayyorlandi.  

Adabiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida O‘zbekistondagi tojik milliy madaniy markazi tomonidan Tojikiston xalq shoiri Farzonaning “Saharnam” nomli she’riy to‘plami nashr etildi.  

“Durdonai Sharq” jurnalining 4-soni chop qilindi. Unda jahon adabiyoti barobarida o‘zbek adiblarining asarlari ham tarjima qilib berilgan. “Xufar” kitobiga  22 nafar shoir va yozuvchining hayoti va ijodi namunalari kiritildi.  

2025-yil davomida Tojik adabiyoti kengashi  hamkor tashkilotlar bilan birga tadbirlar, xususan, taniqli adiblarimizning  tavallud kunlariga oid madaniy-adabiy va ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.  

Tojik adabiyoti kengashi a’zolari 2025-yilda yurtimizning adabiy hayotida muhim o‘ringa ega bo‘lgan tadbirlarda ishtirok etdi. Shuningdek, yil davomida adabiy aloqalarning rivojlanishiga, millatlararo totuvlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan turli ilmiy anjumanlarda, adabiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlarida ishtirok etdi. O‘tgan yil 29-iyul kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Qardoshlik mushoirasi” o‘tkazildi. Unda Paymon  devoni  va Asadulloh kitobi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.  

“Qardoshlik mushoirasi” doirasida O‘zbekistondagi tojik adabiyotiga berilayotgan e’tibor haqida mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari keng yoritdi.  

N.Usmonova, O‘zA