Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yozuvchi – O‘zbekistonda bu so‘z mag‘rur jaranglaydi
11:29 / 2024-01-05

Tugayotgan 2023 yilning dekabr oyida O‘zbekistonda va Rossiyada davlatning yozuvchilarga, umuman, adabiyotga munosabati qandayligini taqqoslash imkoniyatiga ega bo‘ldim. Men Toshkentga kelganimda do‘stlarim, Sankt-Peterburgda kitoblari chop etilayotgan yozuvchi va dramaturg Qo‘chqor Norqobil va uning rafiqasi shoira Xosiyat Rustamova bilan uchrashdim.

Do‘stlarim meni Adiblar xiyoboni va Yozuvchilar uyushmasining Sharq ertaklaridagi saroyni eslatuvchi binosiga olib borishdi. Men o‘zbek ijodkorlari bilan suhbatlashdim. Hammamiz adabiyot olami bilan bog‘langanimiz uchun O‘zbekistonda va Rossiyada adabiyot ahliga munosabat qanday ekanligini muhokama qildik. Tushundimki, O‘zbekistonda “yozuvchi” degan so‘z bugungi kunda mag‘rur jaranglaydi. Rossiyada esa, afsuski, yo‘q. Mana, o‘zingiz xulosa qiling…  

Rossiyada yozuvchi kim? Hech kim. Odamlarga yozuvchiman, desang, javoban marhamat yuzasidan kulimsirab, istehzo bilan: “Voy, hozir hamma yozadi: buxgalter Tanechka ham, qo‘shnimiz Marya Vasilevna ham, uning nevarasi ham yozadi”, deyishadi. Buxgalter Tanechkadan farqli o‘laroq, men professionalman, deb tushuntirmoqchi bo‘lasan, Yozuvchilar uyushmasiga a’zoman, xalqaro mukofotlarni olib turibman, deysan, ular esa yelkalarini qisib, nima bo‘pti, deyishadi. Chindan ham, nima bo‘pti? Chunki buxgalter Tanechka ham, rostmana yozuvchi ham bir xil ahvolda. Yozuvchilar uyushmasi a’zolari xuddi buxgalter Tanechkadek, nashriyotda kitoblarini bepul chop ettirolmaydilar. Professional yozuvchi ham, havaskor ham kitobini nashr qildirish uchun bir xilda pul to‘laydi. Agar havaskorning puli ko‘proq bo‘lsa, u o‘zining “durdona asar”larini ketma-ket chop ettiraveradi, yozuvchi esa g‘aladoniga tashlab qo‘yish uchun yozishga mahkum bo‘ladi. Keyin esa kitobxonlar taassuf bildirishadi: “Tolstoy va Dostoyevskiylarning zamoni o‘tdi. O‘qiydigan hech vaqo yo‘q”. Zamonamizning Tolstoy va Dostoyevskiylari kitoblarini bepul nashr qildirolmaydilar.  

Bepul kitob nashr etish  

O‘zbekistonda ahvol qanday? O‘zbekistonda, agar sen tan olingan, Yozuvchilar uyushmasiga a’zo ijodkor bo‘lsang, kitoblaringni Uyushma qoshidagi nashriyotda bepul chop etishadi. Muallif qalam haqi ham oladi (axir ertak emasmi bu?), uning asarlari kutubxonalar, maktablar, oliy o‘quv yurtlariga tarqatiladi. Hamkasblarim menga Rossiyada ham kitoblar nashriga grantlar ajratiladi, deb e’tiroz bildirishlari mumkin. Xususan, Peterburgda grantni Smolniy ajratadi. Savol tug‘iladi: Yozuvchilar uyushmasiga a’zo bo‘lganlarning nechasi kitobini chop ettirish uchun mana shu grantni olgan? Ular barmoq bilan sanoqli. Yana kitobning adadi juda kam, qalam haqi yo‘q, qolaversa, yozuvchining o‘zi adad uchun pul to‘lashi kerak, faqatgina bir necha oy o‘tibgina uning bu xarajatlarini qoplab berishadi. Agar yozuvchi nafaqa oladigan keksa bo‘lsayu, puli bo‘lmasa, adad uchun qanday pul to‘lasin? Kredit olsinmi?.. Grant tanlovida ishtirok etishni istaganlarning hammasidan qatnashish huquqini qo‘lga kiritish uchun badal puli olishadi, agar grantni yutolmasa, pul qaytarib berilmaydi. Xo‘sh, bu piramida bo‘lmay nima? O‘zingiz xulosa qiling. O‘nlab yozuvchilar badalni to‘lashgan, natijada mo‘maygina pul tushadi va bu mablag‘ga g‘olibning kitobini nashr qilishadi. U holda grantga ajratilgan mablag‘ qani?.. Balki bu jarayonning ba’zi nozik jihatlarini bilmasman. Faqat shuni aytamanki, nashr yo‘lida nimalardir qilishyapti, lekin u shunchalar kichkinaki, hech bir ish qilinmaganga o‘xshaydi.  

Dramaturglar uchun buyurtmalar  

O‘zbekistonda, Rossiyadan farqli o‘laroq, dramaturglar uchun davlat buyurtmalari mavjud. Bu ish qanday amalga oshiriladi? Davlat ijtimoiy ahamiyatga molik yigirmata mavzuni e’lon qiladi, shu mavzulardan birontasi haqida pesa yozishni istaganlar o‘z g‘oyasini tanlovga taqdim etadi, eng munosibi buyurtmani oladi. Menga kimdir shu tariqa “yozuvchilarni sotib olishadi” va h.k. deb ko‘rsin. Men jon deb “sotilgan” bo‘lardim, o‘zimga ma’qul kelgan mavzulardan birida, masalan, ekologiya, bolalarning yetim qolishi mavzusidami, pesa yozardim, osoyishta, xotirjam o‘tirib, non topishni o‘ylamasdan ishlardim, natijada, spektaklga ham, pulga ham ega bo‘lardim. Rossiya yozuvchi va noshirlar uyushmalari assotsiatsiyasi a’zolari uchun rezidensiyalar tashkil etganmiz, masalan, antiutopiya mavzusidagi asar uchun tanlov e’lon qilinadi, to‘liq davlat ta’minotida o‘tirib ishlash uchun rezidensiyaga boraver, deyishadi. Yana savol tug‘iladi: rezidensiyaga qancha yozuvchi borgan? O‘n kishimi? Yigirma kishimi? Mamlakatimizda ularning soni bir necha o‘n barobarga ortiq. Nahotki munosib va iste’dodli yozuvchilar shuncha kam? Ya’ni, yuqorida aytilgandek, nimadir qilinyapti, lekin oz qilinyapti.  

Tanlovlar  

Oh, Rossiyada adabiy tanlovlar biram ko‘pki! “Katta kitob”, “Yasnaya Polyana”, “Sehrli sahifalar”, hatto “Sho‘r baliq” degani ham bor. Jami ellikka yaqin tanlovlar, hammasining nomini aytolmaysiz, aslida buning keragi ham yo‘q. Mohiyati bitta: aksariyati – bepul, g‘olib virtual yorliq oladi, tamom. Tanlovlarning ko‘pligi va ularning ahamiyati kichkinaligi ularda g‘olib chiqishni ham qadrsiz qilib yuboradi. Xo‘sh, odatdagi “qog‘oz”ni ham olarsan, nima bo‘pti? Tanlovlarda g‘alaba qozonganing nashriyotlar sening iste’dodingga ishonib, kitobingni tekinga bosadi, degani emas. Umuman, g‘oliblik hech narsa bermaydi ham. Men bir necha marta hakamlar hay’ati a’zosi bo‘lganman, u yerda nimalar bo‘lishini o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rganman. Agar tanlovda yirik pul mablag‘lari berilishi nazarda tutilsa, g‘olibni ham “tayinlashadi”, natijada o‘sha-o‘sha odamlar g‘olib chiqadi – ularning ism-sharifini aytmay qo‘ya qolay.  

Bu borada O‘zbekistonda ahvol qanday? Turli-tuman tanlovlar ko‘p emas. Lekin markazlashgan bitta – nasr, she’riyat, publitsistika, dramaturgiya, badiiy tarjima va boshqa nominatsiyalari bo‘lgan “Yilning eng yaxshi asari” tanlovi bor. Agar sen g‘olib chiqsang, bilki, sening asaring – eng yaxshi asar. Uchta nominatsiyada birinchi o‘rinni olganlar g‘alaba nashidasiyu, e’tirofdan tashqari, yirikkina pul mukofotlari olishadi.  

Ijodiy safarlar  

O‘zbekistonda ijodiy safarga chiqish uchun ariza berish mumkin. Safarga chiqish uchun albatta yirik asar, masalan, roman yozayotgan bo‘lishing shart emas, ocherk yozib kelish uchun ham safar qilish mumkin. Mablag‘lar Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash fondidan ajratiladi. Bizda bunaqasi yo‘q.  

Yozuvchilar uchun turar-joy  

O‘zbekistonda yozuvchilar uchun maxsus ko‘p qavatli uylar qurishadi, undagi xonadonlarni, albatta, bepul berishmaydi, lekin ularni imtiyozli foiz shartlari asosida ipoteka kreditiga sotib olish mumkin.  

O‘zbekistonda yozuvchilar uchun mamlakatning ikkita go‘zal tumanida – Zominda va Parkentda sanatoriylar qurilgan.  

Toshkent viloyatining Qibray tumanida “Do‘rmon” ijod uyi bor, bu yozuvchilar uchun dala hovlilari va mehmonxonadir. Bu yerda dam olish va ijod bilan shug‘ullanish mumkin.  

Adiblar xiyoboni  

Toshkentning qoq yuragida Adiblar xiyoboni bor. Ularga Navoiy va Boburdan boshlab to yaqinda vafot etgan qalam ahlidan 26 kishiga haykal o‘rnatilgan. Xiyobon juda ko‘rkam, salqin joy, bu yerda avvalo, ajoyib haykallardan tashqari yoshlarning ko‘pligi e’tiborni tortadi. Yoshlar uchun Adiblar xiyoboni sevimli maskanga aylangan. Yoshlar ko‘p sonli yo‘lkalarda shunchaki sayr qilishmaydi, haykallar poyida to‘xtab, ularni tomosha qilishadi, toshga o‘yib bitilgan yozuvlarni o‘qishadi, nimalarnidir muhokama qilishadi. Bizdachi? Menga e’tiroz qilib Peterburgda ham o‘ziga xos Adabiyot xiyoboni bor, u Volkov qabristonidagi “Adabiy ko‘priklar” nomli muzey-nekropol deyishlari mumkin. Lekin bu o‘rinda taqqoslash odobdan bo‘lmaydi. Chunki Peterburgdagisi – qabriston, Toshkentdagisi – shahar markazidagi fayzli maydon. Qabristonga borishni ko‘p ham xohlayvermaydi kishi, u yerda baralla gapirolmaysan, kula olmaysan, Toshkentdagi Adiblar xiyoboni esa o‘zining shodiyona muhiti bilan kishini jalb qiladi. Shunda o‘z-o‘zidan g‘amgin qiyoslash tug‘iladi: Rossiyada adabiyotning o‘rni – qabristonda, O‘zbekistonda adabiyotning o‘rni – jamiyat hayotining qoq markazida.  

Mutolaaga muhabbatni tarbiyalash  

Hozir bolalar va yoshlar katta avlodga qaraganda kamroq mutolaa qilayotganlari sir emas. Bu ma’yus ahvolni tuzatish uchun Rossiyada nimalar qilishyapti? Bilmadim... Agar alohida tashabbuskorlar nimadir qilayotgan bo‘lsalar ham u davlat miqyosida emas, mahalliy doirada bo‘lyapti. Bu muammo O‘zbekistonda qanday hal etilmoqda? Masalan, eng ko‘p mutolaa qilgan yoshlarni aniqlaydigan tanlovlar uyushtirilmoqda. G‘olib chiqqanga beriladigan sovrin – avtomobil. Mamlakatning turli hududlarida Ijod maktablari bor, ularga

ulug‘ o‘zbek yozuvchi va shoirlarining nomi berilgan. Bunday maktabda o‘qish uchun iste’dodli bolalar imtihon topshiradilar, u yerda 6-sinfdan to 11-sinfgacha bepul ta’lim oladilar. Bizda Ijod maktablari yo‘q, agar tashkil qilishsa ham bu maktablarda ta’lim olishni istovchilar topilmaydi. Chunki Rossiyada yozuvchi qadrlanmaydi, Rossiyada “yozuvchi” so‘zi mag‘rur jaranglamaydi.  

Olga Shpakovich,

Sankt-Peterburg Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.