Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yozning totli ne’matlari: sifat – salomatlik garovi
15:55 / 2022-07-19

Hozirgidek yozning issiq kunlarida oziq-ovqat mahsulotlarining sifati tez buziladi.

 Shu tufayli joylarda ovqatdan zaharlanish, botulizm profilaktikasi bo‘yicha sanitar targ‘ibot va tushuntirish ishlari davom etyapti.

Toshkent viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining hududiy bo‘limlari xodimlari va hamkor tashkilotlar tomonidan markaziy dehqon bozorlari, avtomagistral yo‘llar bo‘yida va hududlardagi ko‘cha savdosini tartibga solib, ovqatdan zaharlanish holatlari kelib chiqishining oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Toshkent-Chorbog‘, Toshkent-Samarqand yo‘nalishidagi M-39, M-34, Toshkent-Bekobod, Toshkent-Qo‘qon yo‘nalishlaridagi avtomagistral yo‘l yoqalarida noqonuniy savdo bilan shug‘ullanayotgan shaxslarga tushuntirishlar berildi. Magistral yo‘llar yoqasida joylashgan oshxona, somsaxona va novvoyxonalar sanitariya qoidalariga amal qilgan holda faoliyat yuritishi kerakligi bo‘yicha ogohlantirildi. Shulardan jami 143 ta holatda amaldagi sanitariya qoidalariga amal qilmaganlik holati aniqlanib, kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Yo‘l yoqasida oziq-ovqat (somsa, go‘ja, ayron) mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanayotgan 267 kishiga ogohlantirish xatlari berilib, 11 ta tandir va 104 ta salqin ichimliklar savdo rastasi va ko‘chma muzqaymoq (“Andijon”) savdolari bartaraf etildi. Mavjud 5 ming 272 ta savdo do‘konidan magistral yo‘l yoqasida joylashgan 174 ta savdo do‘konlaridagi sanitariya talablariga javob bermaydigan sharoitda, do‘kon tashqarisiga chiqarib sotilayotgan oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar olib tashlandi.

Aholiga umumiy ovqatlanish va savdo xizmatini ko‘rsatayotgan 87 nafar fuqaroga rasman ogohlantirish xatlari berildi. Nazoratlar davomida 14 nafar fuqaroga sanitariya qoidalarini buzganligi uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi, tadbirlar davomida yo‘l bo‘yidagi xavfsizligi kafolatlanmagan 108 kg oziq-ovqat mahsulotlari, 114 litr uy sharoitida tayyorlangan salqin ichimliklar va 64 kg muzqaymoqlar savdodan chetlatilib, belgilangan tartibda yo‘q qilish choralari ko‘rildi.

Bundan tashqari, hududdagi markaziy dehqon bozorlari va uning atrofida tez buziluvchi mahsulotlardan go‘sht qiymasi, kalla-pocha mahsulotlari, uy sharoitida tayyorlangan sifati va xavfsizligi kafolatlanmagan har xil taomlar (somsa, manti, hasip va hk.), salqin ichimliklar (ayron, go‘ja, qumron, o‘rik sharbati)ning sotilishi qat’iyan ta’qiqlandi. O‘tgan 15 kun davomida 41 kilogramm sifati va xavfsizligi kafolatlanmagan va uy sharoitida tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlari, 54 litr sut mahsulotlari, ayron, go‘ja, o‘rik sharbati kabi salqin ichimliklar, 45 ta 70 foizli uksus kislotalari savdosiga chek qo‘yilgan.

Jumladan, Olmaliq shahrining "Oydin dehqon bozori" hududida  o‘tkazilgan tadbirda 70 kilogramm bulg‘or qalampiri, 10 kilogramm achchiq qalampir yaroqsiz, deb topilgan. "Angren shahar dehqon bozori"da salqin ichimliklar, uy sharoitida tayyorlangan oziq-ovqatlar va frezer muzqaymoq savdosi bo‘yicha sanitar nazorati o‘tkazilgan. Aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish bo‘yicha bozor ma’muriyati xodimlari tomonidan amaldagi sanitariya me’yorlariga rioya etgan holda faoliyat ko‘rsatish bo‘yicha belgilangan tartibda nazorat kuchaytirilyapti.

Tezkor nazorat tadbirlari o‘tkazilayotgani rost. Biroq sifatsiz mahsulotlar savdosi bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarning ham o‘z ishiga nisbatan mas’uliyati oshsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

A.Musayev, O‘zA