Ma’lumotlarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatida 828 ta mahallada 951 mingdan ortiq 14-30 yoshdagi yoshlar istiqomat qiladi. Ularning 67,1 foizi “yashil” toifada, 31,6 foizi “o‘rta” va 1,6 foizi “og‘ir” toifaga kiradi. Joriy yilda ta’lim muassasalaridan ta’tilga chiqadigan yoshlar soni 750 ming nafarga yetdi, shu jumladan, umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari 650 ming, o‘rta-maxsus va kasbiy ta’limga ega bo‘lganlar 20 ming, OTM talabalari esa 80 mingni tashkil etadi.
Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan “Dolzarb 90 kun” loyihasi yoshlarni yozgi ta’tilda mazmunli va samarali faoliyat bilan band etishga qaratilgan. Qarshi shahri Cho‘lquvar mahallasida bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida harbiy orkestr, “Sahara Band” jamoasi, sport musobaqalari, intellektual bellashuvlar va motivatsion uchrashuvlar o‘tkazildi.
[gallery-23757]
Yoshlar ishlari agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan muhim loyihalar qatorida “Ustoz AI” sun’iy intellektga asoslangan ta’lim, “Mutolaa” kitobxonlikni targ‘ib qilish, “Ibrat farzandlari” xorijiy tillarni bepul o‘rgatish, “UzChess” shaxmat hamda “Qizlar akademiyasi” yosh xotin-qizlarni ijtimoiy faollikka jalb qilish kabi dasturlar bor.
Tadbirda yoshlar uchun harbiy-vatanparvarlik ko‘rgazmalari, sport musobaqalari (kurash, voleybol, shaxmat va boshqalar), shuningdek, milliy armiya faoliyati bilan tanishuv interaktiv dasturlari tashkil etildi. Bu kabi loyihalar yoshlarda Vatanga muhabbat va mas’uliyatni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Qashqadaryoda “Dolzarb 90 kun” davomida 75 mingdan ortiq turli tadbirlar, sport musobaqalari, madaniy va vatandoshlik loyihalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ular 1 milliondan ziyod yoshlarni qamrab oladi. Ushbu loyihalar yoshlarning har tomonlama kamol topishi, sog‘lom turmush tarziga o‘tishi va jamiyatda faol ishtirok etishiga keng imkoniyat yaratadi.
Bundan tashqari, oromgohlarda va maktablarda “Quvnoq yoz” kabi loyihalar orqali yoshlar ta’til davrida bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi ta’minlanadi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari