Surxondaryo viloyatidagi Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti “Dolzarb 90 kunlik” doirasida tumandagi ikkinchi politexnikum hamkorligida “Biologiya” fani o‘quv kursini tashkil etib, yoshlarga fan sirlarini chuqur o‘rgatmoqda.
Tinglovchilarga institutning aniq va tabiiy fanlar fakulteti professor-o‘qituvchilari saboq berib, ularning yozgi ta’tilda nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga ko‘maklashmoqda.

– Biologiya faniga qiziqishim juda baland, – deydi politexnikumning 1 kurs o‘quvchisi Mashhura Tursunova, – Yozgi ta’til davrida tashkil etilgan kurs mashg‘ulotlarida muntazam ishtirok etib, bilimlarini yanada mustahkamladim. Biologiya fanidan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda imtiyoz beruvchi milliy sertifikatlarga ega bo‘ldim. Bu mening kelgusida o‘zim qiziqqan yo‘nalishda ta’lim olishimda muhim o‘rin tutadi.

O‘quv kursi o‘g‘il-qizlarning yozgi ta’tilda nafaqat bilimlarini oshirishga, balki oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishga tayyorlayotgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda. Bu yerda barcha darslar Islom taraqqiyot banki moliyalashtirgan xalqaro grant loyihasi ko‘magida zamonaviy o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlangan fan kabinetlarida o‘tilmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri