Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yozgi ta’til maroqli o‘tmoqda
17:34 / 2025-06-13

Yoz – bolajonlarning sevimli fasli. Har yili bolajonlar yoz faslini orziqib kutadi. Bu faslda kimdir oromgohda dam olishga, yana kimdir qishloqdagi qarindoshinikiga otlanadi. Qishloqdagi bolajonlar esa shaharga kelib, madaniy hordiq chiqaradi.

“NKMK jamg‘armasi” davlat korxonasi tasarrufidagi “Sarmish” bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohi eng so‘lim maskanlardan biridir. Bu oromgoh Sarmish tog‘lari orasida joylashgan bo‘lib, salqin va go‘zal tabiati, qoyatosh suratlari bilan har bir kishini o‘ziga maftun etadi. 

Oromgohda bolajonlar to‘rt mavsumda dam oladi. Birinchi mavsumda 671 nafar bola 20 ta guruhga bo‘lingan holda maroqli hordiq chiqarmoqda.

Donoxon Shuhratova 8 yoshda. Bu yil 1-sinfni tugatib oromgohga keldi. Uning bu kabi oromgohlarga birinchi bor kelishi. Shu boisdan bo‘lsa kerak, taassurotlari bir dunyo. Quvonchi ichiga sig‘maydi.

– Oromgohga kelgan kundan boshlab, yangi do‘stlar orttirdim. Maza qilib dam olyapman, – deydi Donoxon Shuhratova. – Har kuni guruh rahbarlarimizdan yangidan-yangi narsalar o‘rganyapman. Sport musobaqalari, ko‘ngilochar tomoshalar tashkil etilmoqda. Turli to‘garaklarga qatnashyapman. Kitoblar o‘qib, maroqli dam olmoqdaman. Har kunimiz maroqli o‘tmoqda.

Bolalarning maroqli hordiq chiqarishi uchun oromgohda kutubxona va turli to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

– Joriy yilning fevral oyidan buyon ishlab chiqilgan o‘quv dasturi asosida Navoiy davlat universiteti talabalari bilan maxsus mashg‘ulotlar tashkil etilib, ularning orasidan eng faol va iqtidorli yoshlar guruh yetakchilari sifatida saralab olindi. Pedagog xodimlarimiz esa umumta’lim maktablarida faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilar orasidan tanlab olindi, – deydi oromgoh direktori Mahbuba Umarova. – Oromgohimizda bolajonlarning maroqli dam olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. 14 kunga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqilgan bo‘lib, bolajonlar turli sport musobaqalari, ma’naviy-ma’rifiy va ko‘ngilochar tadbirlar hamda tanlovlarda ishtirok etadi.

[gallery-23895]

“Sarmish” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi nafaqat bolalarning hordiq chiqarishi, balki ularning ijodiy, jismoniy va intellektual rivojlanishida ham muhim o‘rin tutmoqda.

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari