Xorazmda kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 36 nafar farzandi "Mahalla" xayriya jamoat fondi viloyat boshqaruvi yordami bilan Honqa tumanidagi "Jayxun" bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida dam olib, hordiq chiqardi. Buning uchun fond hisobidan 46 million 800 ming so‘m miqdorida pul ajratildi.
Quvonarli tomoni bolajonlar yozgi ta’tilni esda qolar darajada o‘tkazishi, ko‘ngilli dam olishlari uchun oromgohda turli ma’naviy-ma’rifiy, madaniy va sport tadbirlari, davra suhbatlari hamda intellektual o‘yinlar tashkil etildi.
– Eng quvonarli tomoni oromgohda tashkil etilgan shaxmat-shashka, rasm chizish, rus tili to‘garagi menga va boshqa bolalarga ham manzur bo‘ldi, – deydi Urganch shahridagi 23-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Aleksey Masharipov. –Do‘st orttirdim. Bilmaganlarimni o‘rgandim. Oromgohni, yana menga yoqqan tomoni ozoda va sarishtaligi, bir biridan shirin taomlari bo‘ldi. Nasib qilsa, kelgusi yil, yozgi ta’til vaqtida yana kelmoqchiman.
Bundan tashqari, oromgohda "Sog‘lom avlod-kelajak poydevori" shiori ostida o‘tkazilgan sport, sog‘lomlashtirish musobaqalari, shaxmat-shashka, quvnoq startlar, yengil atletika, mohir qo‘llar, rassomchilik, chet tili fan to‘garaklari bolajonlar xotirasida bir umrga muhrlanib qoladigan bo‘ldi.
Ahmadjon SHOKIROV, O‘zA