Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yozgi ta’til maktab oromgohida soz o‘tmoqda
18:16 / 2023-07-19

Yoz – bolalarning sevimli fasli. Bu vaqtda ular maktabdagi yuklamalardan yengillab, asosan o‘yin bilan mashg‘ul bo‘lishadi. Lekin bu uch oylik fursat sermazmun, yorqin xotiralarga boy bo‘lishi, bolani ham madaniy, ham ma’naviy kuch-quvvatga to‘ldirib, o‘quv jarayoniga tayyorlashi zarur.

Bugungi kunda maktablarda tashkil qilinayotgan statsionar oromgohlardan ham ko‘zlangan maqsad ana shu aslida. Toshkent shahrining Yangihayot tumanidagi 330-umumta’lim maktabida ham o‘quvchilarning yoz mavsumida bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida yozgi oromgoh faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu borada mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda pedagoglar maxsus o‘quv dasturlar asosida o‘qitilib, uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqilgani, ularning belgilangan tartib asosida ish olib borishlari uchun namunaviy ish rejasi tayyorlanganini alohida ta’kidlash joiz.  

Maktabda o‘quvchilar soat 8:30 dan 16:30 ga qadar dam olib, hordiq chiqaradi. Bu vaqtda ular ingliz, rus tili to‘garaklari, shaxmat-shashka, tennis, futbol va voleybol kabi o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashish bilan birga tajribali mutaxassislar tomonidan tikish-bichish, pazandalik, hunarmandlik kabi kasb-hunarlarga ham yo‘naltirilmoqda. Mashg‘ulotlarning qiziqarli, o‘yinlar vositasida o‘tkazilayotgani bolalarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Shuning uchun maktab oromgohi juda gavjum. O‘quvchilarning axborot texnologiyalari vositalaridan foydalanish ko‘nikmalarini oshirishga kengroq o‘rin berilishi rejalashtirilmoqda. 

Bolalar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yanada shakllantirish maqsadida oromgohga yangi bolalar adabiyotlari keltirilib, kitob.uz platformasidan adabiyotlarning elektron va audio shakllaridan foydalanish bo‘yicha sharoitlar yaratilgani, “Farzandimga kitob sovg‘a qilaman”, “Bir bolaga uch kitob” aksiyalarining bo‘lib o‘tgani e’tiborga molik.  

Oromgohdagi bolalar bilan o‘tkazilayotgan suhbatlarda ularning aksariyati rasm chizish, sport, dasturlash, shaxmat bilan shug‘ullanishni, raqamli kasblarni — videobloglar, dizayn, 3D modellashtirishni o‘rganishni istashini bildirgan. Shu bois bu yo‘nalishlarga ko‘proq ahamiyat qaratilishi zarur.  

Bolalarning maktab oromgohidagi yana bir sevimli joyi — yozgi basseyn. Ular basseynda mazza qilib cho‘milib, tanalarini chiniqtirayotir. Jazirama kunlarda suv tanaga malham, ruhiyatga dam beradi. 

Bir so‘z bilan aytganda, maktabda tashkil qilingan oromgoh ko‘plab o‘quvchilarni o‘ziga jalb qilib, ta’til kunlarining mazmunli o‘tishiga imkon yaratmoqda. Bundan tashqari, maktab bilan uzviylikda bo‘lgan bola  yangi o‘quv yilida deyarli hech qanday stresslarsiz o‘qishga qaytadilar.  

Matluba Nasriddinova, 

Yangihayot tumanidagi 330-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi

O‘zA