Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yozda qanday harorat kutilmoqda, iqlim o‘zgarishining omillari nimalardan iborat? (+video)
15:35 / 2025-05-23

Muvozanat

Inson va tabiat o‘rtasidagi muvozanat masalalariga bag‘ishlangan “Muvozanat” loyihamizning navbatdagi sonida dolzarb ekologik muammoga aylanib borayotgan iqlim o‘zgarishi hamda uning sabab va omillari haqida to‘xtalamiz. 

Bu borada bizga suhbatdosh Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimi Alisher Xudoyberdiyev bo‘ldi. 

– Bugungi kunda jahon hamjamiyatini tashvishga solayotgan jiddiy ekologik muammo — global iqlim o‘zgarishi yuzaga kelmoqda. Shuningdek, ozon qatlamining yemirilishi, mavsumlar surilishi kabi vaziyatlar jiddiy e’tiborni talab qiladi. Avvalo, iqlim o‘zgarishining sabablari, omillari nimalardan iborat?

Iqlim deganda har 30 yillikda yoki o‘rtacha 30 yillikda atmosferadagi o‘zgarishlar, elementlarning o‘zgarishi tushuniladi. Bugungi kunda ota-bobolarimiz qish kunlarida ko‘rgan 1-2 metrlik qorlarni ko‘rmay qo‘ydik. Yoxud bahor-kuz mavsumlarida yomg‘irlarning kamayib ketgani yoki yoz oylarida yomg‘ir yog‘ishi, anomal sovuq, anomal issiq kabi holatlarning kuzatilayotgani iqlim o‘zgarishlarining oqibatidir. 

Insoniyatning hayoti davomida turli iqlim holatlari kuzatilgan. Masalan, muzlik davri haqida xabardormiz yoki isib ketgan vaqtlar ham bo‘lgan. Hozirgi iqlim o‘zgarishlari esa 1800-1850 yillarga borib taqaladi. Ya’ni, ayni shu davrda sanoatning rivojlanishi natijasida insoniyatning tabiatga salbiy ta’siri ancha yuqorilab ketgan. Buni agar 5 ballik tizim asosida baholaydigan bo‘lsak, insoniyatning paydo bo‘lishida 1 ball deb hisoblangan. Sanoat asrida esa insoniyatning tabiatga ta’siri 4-5 ball nisbatda baholanadi. 

Iqlim o‘zgarishlarining sabab va omillari bo‘yicha iqlimshunoslar, olimlar o‘rtasida ikki xil qarash bor. Bir guruh olimlar tabiiy omillar natijasida yuzaga kelgan deyishsa, yana bir guruh olimlar insoniyatning ta’siri yuqoriroq degan misollar keltirishadi. Tabiiy omillarga Yerning ichki va tashqi kuchlari, Quyosh va Oyning holati, vulqon otilishi, zilzila kabi insoniyatga bog‘liq bo‘lmagan omillar kiradi. Antropogen omillar esa sanoatning rivojlanishi, transport vositalarining ko‘paygani, o‘rmonlarning ayovsiz kesilishi, shaharlashish, ayniqsa, eng katta omil sifatida qaralayotgan issiqxona gazlarining oshib ketishi iqlim o‘zgarishlariga ta’sir ko‘rsatayotgan holatlardir. 

O‘zbekistondagi holatga to‘xtaladigan bo‘lsak, bugungi kunda o‘rtacha iqlim holati 1850 yilgi me’yorga nisbatan 2-3 darajagacha oshib ketganini ko‘rish mumkin. Bu borada dunyo miqyosida o‘rtacha iqlim harorati 1,55 darajaga oshgan. Asr oxiriga borib, hatto 2050-60 yillarda 4-5-6 darajagacha ko‘tarilishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Bu xavfli iqlim ssenariysi hisoblanib, albatta, ko‘plab tarmoqlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Jumladan, suv tanqisligi muammosi ham kuchayib boradi. Suv muammosi bo‘yicha O‘zbekiston 164 ta davlat orasida 25-o‘rinni egallaydi. 

–Bu yilgi yoz faslida qanday harorat kutilmoqda, qanday prognozlar bor? 

May oyining oxiri va yozning dastlabki kunlarida odatdagidan ancha pastroq, salqinroq havo harorati kutilmoqda. Shuningdek, yomg‘irli kunlar kuzatilishi mumkin. Ammo keyinchalik yoz oylari davomida ko‘p yillik me’yordan 1-2 daraja yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Qurg‘oqchilik ham kuzatiladi.

–Nima deb o‘ylaysiz, bundan buyog‘iga insoniyat anomal sovuq yoki anomal issiq sharoitlarini oddiy qabul qilgan holda bunga moslashib borishi kerakmi? Demoqchimanki, bunday iqlim haroratlari odatiy tusga kirib boraveradimi?

Bu borada olimlar orasida 2 xil qarashlar bor. Ayrimlar asr oxiriga borib, iqlimning sovib ketishi kuzatilishini aytsa, ayrimlar esa hozirgi tendensiya davom etishini aytadi. Yana bir jihat borki, prognozlarning muddati cho‘zilgani sari ularning ishonchlilik ko‘rsatkichi ham kamayib boraveradi. 

Albatta, tabiat qisqa fursatda turlicha ko‘rinishda o‘zgarib ketishi mumkin. Umuman, iqlimdagi ayni paytdagi holat davom etadigan bo‘lsa, anomal issiq, anomal sovuq tushunchalari oddiy tushunchaga aylanib qolish ehtimoli bor.

–Iqlim o‘zgarishlarining oldini olish va buning oqibatlarini yumshatish uchun insoniyat nima qilishi kerak bo‘ladi?

Iqlim o‘zgarishini to‘xtatib bo‘lmaydi. Balki bunga moslashish, oqibatlarini biroz bo‘lsa-da, yumshatish mumkin. Buning uchun issiqxona gazlarini kamaytirish, ya’ni ko‘mir va gaz iste’molini kamaytirish, muqobil energiya manbalaridan foydalanish, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish amaliyotini jadal olib borish, aholining ekologik madaniyatini oshirish, tabiiy resurslardan tejab ishlatish choralarini ko‘rish lozim bo‘ladi. 

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/gnGe7V87yV4" title="Yozda qanday harorat kutilmoqda, iqlim o‘zgarishining omillari nimalardan iborat?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhtarama Komilova, 

Yoqub Meliboyev, Anvar Ahmedov (video), O‘zA