Bolalar har bir mamlakatning ulkan boyligidir. Ularga g‘amxo‘rlik qilish, ardoqlash, sog‘lom o‘stirish, turli xurujlardan asrash va ta’lim-tarbiya berish esa dunyoning barcha mamlakatlarida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Xo‘sh, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan yoz mavsumida bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha qanday ishlarni amalga oshirmoqda?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, yoz mavsumida 1 ming 131 ta oromgoh (205 ta statsionar va 926 ta sog‘lomlashtirish maydonchalari) faoliyat ko‘rsatib, ularda 297 ming 441 nafardan ziyod bolalar dam olishi ko‘zda tutilgan.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, bolalarning mazmunli dam olishini tashkil etish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi huzurida «Yoz-2022» shtabi tashkil etilgan. 205 ta statsionar oromgohlarda faoliyat yuritish uchun jami 4 ming 683 nafar pedagog kadrlar ro‘yxati shakllantirilib, ular maxsus o‘quv dasturlari asosida o‘qitilgan. 5 ming 278 nafar mehnat ta’tilida bo‘lmagan pedagog va xodimlar jalb qilingan.
Qayd etilishicha, joriy yil 8 iyun holatiga ko‘ra, 533 ta ta’lim muassasasida sog‘lomlashtirish maydonchalari tashkil etilib, ularga 47 ming 840 nafar bolalar jalb qilingan. Shuningdek, yoz mavsumida 1,2 million nafardan ortiq o‘quvchini ko‘rik-tanlov, festival va sport musobaqalaridagi ishtiroki ta’minlanadi.
Mavsum davomida bolalarni oromgohlarda dam oldirish va sog‘lomlashtirish tadbirlari uchun jami 100 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi. Oromgohlarda turli rivojlantiruvchi kompyuter o‘yinlari, tasviriy san’at, mental arifmetika kabi to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

bugungi kunda kinozallar tashkil etilib, bolalarga mo‘ljallangan eng qiziqarli kino va multfilmlar namoyish etilmoqda hamda 5 ta muhim tashabbus doirasida ko‘rik-tanlov, festival va tadbirlar o‘tkazilmoqda. Mazkur dam olish maskanlarida bolalar uchun sun’iy suzish havzalari ham tashkil etilgan.
Bundan tashqari, Yoz mavsumida 5 ta muhim tashabbus doirasida 20 dan ortiq ko‘rik-tanlov, festival va sport musobaqalari o‘tkazilib, ularga 1,2 million nafardan ortiq o‘quvchilarni jalb etish ko‘zda tutilgan.
Oromgohlarga 123 ming dona bolalar adabiyotlari yetkazib berilgan va kitob.uz platformasidan adabiyotlarning elektron va audio shakllaridan foydalanish bo‘yicha sharoitlar yaratilgan. O‘zbekiston «Yoshlik» jismoniy tarbiya va sport jamiyati tomonidan «5 tashabbus – sport bilan» shiori ostida stritbol, kurash hamda «Quvnoq startlar» sport musobaqalari tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Brifingda qayd etilishicha, 217 ta «Barkamol avlod» bolalar maktablari va 13 ta «Bolalar kutubxonalari»ning faoliyati alohida reja asosida yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bundan tashqari, joriy yilning iyun-avgust oylari davomida «Barkamol avlod» bolalar maktablarida «Ta’til BARKAMOL bilan» shiori ostida ko‘rik-tanlov va musobaqalar bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki,bugungi kunda xalq ta’limi tizimida 217 ta «Barkamol avlod» bolalar maktablari mavjud bo‘lib, ulardagi mavjud 9 ming 3 ta to‘garaklarga 260 ming nafardan ortiq o‘quvchi-yoshlar jalb qilingan.
Bolalarga g‘amxo‘rlik qilish, ularni doimo qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlarini himoya qilish, rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish – ertangi kunga qo‘yilgan mustahkam poydevordir. Chunki, bolalar muhim demografik, ijtimoiy qatlam sifatida jamiyat va davlatning doimiy e’tiborini taqozo etadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA