Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoz o‘tmoqda soz
11:14 / 2025-07-17

Sirdaryo tumani “Sholikor” mahallasidagi “Sirdaryo” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi ta’mirdan so‘ng faoliyatini qayta boshladi.

Oromgoh 2023-2025 yillarda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi mablag‘lari hisobidan rekonstruksiya qilindi. Bu yerda bolajonlar maroqli dam olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Yotoqxonalar, gigiyena, izolyator, tibbiy xizmat xonalari, 450 tonna suv sig‘imiga ega suzish havzasi, futbol, voleybol, basketbol maydonlari va yugurish yo‘laklari bolajonlar ixtiyorida.

– Biz har bir bola o‘zini xavfsiz, qadrlangan va baxtli his etadigan muhit yaratishni maqsad qilganmiz, – deydi oromgoh direktori Ulug‘bek To‘raqulov. –

Bu yerda nafaqat dam olish, balki bilim va qobiliyatni rivojlantirish uchun ham barcha imkoniyatlar mavjud. Kutubxonamizda 3000 dan ortiq yangi o‘zbek va jahon adabiyotlari mavjud. “Bibliobus” ham tashrif buyuradi. Madaniy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari va intellektual o‘yinlar bolalarning dam olishini mazmunli tashkil etishga xizmat qilmoqda.

200 o‘rinli oshxona sanitariya talablariga to‘liq javob beradi. Omborxonalar, muzlatkichlar, non mahsulotlari sexi mavjud. Shuningdek, oromgoh bog‘ida yetishtirilgan meva-sabzavotlar orqali bolalarga tabiiy, sifatli va vitaminlarga boy taomlar tayyorlanadi.

Hudud xavfsizligi doimiy nazoratda. U to‘liq o‘ralgan, 96 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan. IIB, FVB va Milliy gvardiya tomonidan 24 soatlik navbatchilik tashkil etilgan. Binolarda yong‘in sensorlari, 30 dan ortiq yong‘in o‘chirgich vositalari va evakuatsiya sxemalari joylashtirilgan. Bu yil oromgohda kasaba uyushmalari tizimidagi korxonalarda faoliyat yurituvchi ishchi-xodimlarning 6 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan farzandlari dam olmoqda.

Oromgohda haftaning har bir kuniga alohida mavzular belgilangan bo‘lib, bolalar ushbu mavzular asosida bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda. “Eng bilimdon bola”, “Zakovat” kabi intellektual tanlovlar, sportning shaxmat, shashka, yugurish, suvda uzoq va chalqancha suzish turlari bo‘yicha musobaqalar orqali bolalarning tafakkur va jismoniy faolligi oshirilmoqda.

G‘ulom Primov,

O‘zA muxbiri