Yozgi ta’tilni bolajonlar intiqlik bilan kutadi. Boisi ta’til davomida ularni so‘lim tabiat qo‘ynidagi xushmanzara oromgohlar qarshi oladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil yozgi mavsumda Qashqadaryo viloyati bo‘yicha Kitob, Shahrisabz, Yakkabog‘ tumanlari va Shahrisabz shahridagi so‘lim go‘shalarda joylashgan 16 statsionar bolalar oromgohlarida 21 ming 440 nafar 7-14 yoshgacha bo‘lgan bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan.
Mavsumning 1-navbatida 5500 nafarga yaqin bolajonlar dam oldirilgan bo‘lsa, ikkinchi navbatida 6000 nafardan ortiq bolajonlar oromgohlarga jo‘natildi. Oromgohlarda bolalarning maroqli hordiq chiqarishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Oromgohlar ta’mirlanib, ko‘kalamzorlashtirildi. Mebel va jihozlari yangilandi. Sport maydonchalari, kutubxonalar, suzish havzalari, to‘garak xonalari bolajonlar ixtiyorida. Bir so‘z bilan aytganda, oromgohlarda bolajonlarning har bir kunini mazmunli va taassurotlarga boy holda o‘tishi uchun barcha qulayliklar muhayyo etilgan.
[gallery-12458]
Xususan, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi so‘lim tabiat bag‘rida joylashgan “Lochin” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi bolajonlarning eng sevimli maskanlaridan biriga aylangan. Ayni paytda oromgohda ikki mavsumga qabul qilingan ming nafarga yaqin bolalar dam olmoqda.
Dunyoning yetti mo‘’jizasi maketlari o‘rnatilgan, o‘ziga xos landshaft dizayniga ega bo‘lgan oromgoh hududi har qanday kishiga ekstremal zavq beradi. U yerda bolajonlar qiziqarli to‘garaklarga, turli sport musobaqalariga ishtirok etib vaqtini xush o‘tkazmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA.