Yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, ularning ta’til davrini mazmunli tashkil etish – bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biriga aylangan.
Ayni shu maqsadda Jizzax viloyatining shahar va tumanlarida “Barkamol avlod” bolalar maktablarida o‘quvchilarining yozgi ta’til kunlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida “Dolzarb 90 kun” tadbirlari doirasida “Yoz oqshomi” deb nomlangan madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etilmoqda.
“Barkamol avlod – yurt kelajagi” shiori ostid o‘tayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni qanday tashkil etilayotganini ko‘rish maqsadida Do‘stlik tumaniga keldik.
Do‘stlik shaharchasidagi yoshlar innovatsion maydonida “Dolzarb 90 kun” loyihasi ijrosi doirasida tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabi ma’muriyati tomonidan “Yoz oqshomi” deb nomlangan madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etilganiga guvoh bo‘ldik.
Ushbu ijodiy bayramda “Barkamol avlod” maktabi qoshida faoliyat yuritib kelayotgan to‘garaklar a’zolari o‘z iqtidorlarini namoyon etdi. O‘quvchilar tomonidan tayyorlangan rang-barang sahna ko‘rinishlari, yaratilgan ijodiy ko‘rgazmalar, mental arifmetika asosidagi mashqlar, qo‘shiqlar, raqs va teatrlashtirilgan chiqishlar barchaga xush kayfiyat ulashdi.
Tomoshabinlar, mehmonlar va ota-onalar farzandlarining har bir chiqishini qiziqish bilan kuzatib, bolalarning iste’dodlariga tasannolar aytdi va saboq bergan ustozlariga minnatdorlik bildirdi.
[gallery-24331]
– Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Dolzarb 90 kun” dasturi doirasida o‘zlaringiz guvohi bo‘lib turganingizdek, “Barkamol avlod – yurt kelajagi” shiori ostida o‘tayotgan ijodiy bayram bolalarning qalbida jo‘sh urayotgan orzu va rejalarini ro‘yobga chiqarish hamda kelajakka dadil qadam tashlashlarida muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi, – deydi Do‘stlik tumani “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori Saodat Sattorova. – Hozirgi kunda maktabimizda 7 yo‘nalish bo‘yicha 800 nafar to‘garak a’zolari qamrab olingan. O‘quvchilarning yozgi ta’tili davomida “Dolzarb 90 kun” munosabati bilan “Aql charxi”, “Kim epchilu, kim chaqqon”, “Men cho‘qqini zabt etaman”, “Yoz mening tasavvurimda” mavzusida turli tanlov, bellashuv va musobaqalar bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, yosh ekologlar, hunarmandchilik, kitobxonlik kabi to‘garaklarda ham bir qator davra suhbatlari, ko‘rik-tanlovlar va qiziqarli bellashuvlar, tarixiy obidalarga sayohatlar tashkil etilganini ham shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joiz.
Biz bevosita guvohi bo‘lgan qo‘shiq, raqs, sport va amaliy san’at yo‘nalishidagi namoyishlar orqali yoshlar o‘z qobiliyatini namoyon etdi. Tadbir yakunida faol ustozlar va to‘garak ishtirokchilari maktab ma’muriyati tomonidan tashakkurnoma, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shubhasiz, bunday tadbirlar yosh avlodning bilimga, san’atga, sportga va umuman faol hayot tarziga bo‘lgan qiziqishini yanada oshiradi. “Yoz oqshomi” tadbiri ham aynan shunday ijobiy maqsadlar sari qo‘yilgan muhim qadamlardan biridir.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari