English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoz mavsumi maroqli o‘tadi
17:45 / 2023-06-02

Maktablarda joriy o‘quv yili yakuniga yetib, o‘quvchilar yozgi ta’tilga chiqdi. Tez orada yurtimizning barcha so‘lim go‘shalarida o‘z faoliyatini boshlaydigan oromgohlar ta’tilda bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda muhim o‘rin tutadi.

Namangan viloyatida 2023 yil yozgi sog‘lomlashtirish mavsumida sakkizta shahar tashqarisidagi oromgohda 5 ming 400 bola, shuningdek, hududlardagi umumta’lim maktablari qoshida 67 kunduzgi sog‘lomlashtirish maydonchasida 10 ming 160 nafar bola dam olishi rejalashtirilgan.  

Bu haqida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat kengashi, Bolalarni dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti viloyat boshqarmasi, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamkorligida Chust tumanidagi “Mehrjon” bolalar oromgohida mavsumga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayonlari hamda yangi loyihalarni qamrab olgan “2023 yil bolalarni yozgi sog‘lomlashtirish va dam oldirish mavsumiga hozirlik ko‘rish” mavzusida tashkil etilgan ko‘rgazmali o‘quv-seminarida ma’lum qilindi. E’tirof etish joizki, bolalarning yozgi ta’tilni mazmunli va ko‘ngilli o‘tkazishini ta’minlashga davlat siyosati darajasida ahamiyat qaratildi.  

Prezidentimizning 2022 yil 18 noyabrdagi “Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida Kasaba uyushmalari federatsiyasi tashabbusi bilan barcha hududlarda oromgohlar bo‘yicha departamentlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda mazkur departamentning Namangan viloyati boshqarmasi balansiga viloyatdagi mavjud yettita oromgoh mulk huquqi asosida o‘tkazildi. Viloyat hokimligi, favqulodda vaziyatlar, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash hamda canitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmalari rahbarlari, oromgohlar mutasaddilari ishtirokidagi seminarda mavsumni ko‘tarinki ruhda o‘tkazish yuzasidan tarbiyachilar, tibbiyot xodimlari, sport yo‘riqchilari, ichki ishlar xodimlarining vazifalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.  

Oromgohlarda bolalarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berish asnosida ularning sanitariya-gigiyena talablariga javob berishini nazorat qilib borish, jamoat tartibini saqlash hamda xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor qaratish borasida tegishli tushuncha va tavsiyalar berildi. Madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratilishi aytilib, mutasaddilarga turli ko‘ngilochar tadbirlar, festivallar, sport musobaqalari, taniqli kishilar bilan ijodiy uchrashuvlar, kitobxonlik kechalari o‘tkazish bo‘yicha vazifalar belgilandi.  

[gallery-12192]

– Joriy yoz mavsumida oromgohlarga 5 ming 400 nafar bolalar qamrab olingan xolos, – deydi Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Muhammadzokir Mamatxonov. – Buning asosiy sababi shu vaqtga qadar ayrim oromgohlar egasiz, qarovsiz qolib ketgani, ularning moddiy-texnika bazasi va ta’minoti yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganligida. Hozirgi kunga kelib esa oromgohlar tom ma’noda egalik bo‘ldi. Ayni kunda departament tasarrufidagi yettita va bitta xususiy oromgohda bolalarni maroqli hordiq olishlarini tashkillashtirish maqsadida jamg‘arma mablag‘lari hamda tuman hokimliklari yordamida mavsumga tayyorgarlik ishlari avj pallasida. Pop tumanidagi “Oftobcha” bolalar oromgohi yangidan qayta qurilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, Uychi tumanidagi “Umid nihollari” oromgohida kapital ta’mirlash va qo‘shimcha binolar qurilishi belgilandi.Viloyatdagi mavjud oromgohlarda shu kunga qadar 800 million so‘mlik ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.  

Oqilxon Dadaboyev,

Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA