Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida yoz mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlardan aholi va hududlarni muhofaza qilish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda ta’kidlanishicha, viloyatda 10 ta statsionar bolalar dam olish hamda 132 ta umumta’lim maktablarda tashkil etilgan sog‘lomlashtirish oromgohlari mavjud. Ularda davlat yong‘in nazorati organlari xodimlari tomonidan profilaktik ko‘rik va tekshiruvlar o‘tkazildi. Elektr ta’minotining uzluksizligi, ishchi-xizmatchilarning yong‘in yoki favqulodda vaziyatlarda harakatlanish tartibi, yong‘in o‘chirishga mo‘ljallangan suv havzalari, gidrantlar sozligi va suv bilan ta’minlanganligi o‘rganilgan.
[gallery-17650]
Viloyat sog‘liqni saqlash, veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish, sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va jamoat salomatligi boshqarmalari tomonidan yuqumli kasalliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar ham muntazam amalga oshirib borilmoqda.
Buxoro viloyati o‘ziga xos iqlimga ega bo‘lib, ob havo harorati may oyining o‘rtalariga kelib 35-40 daraja issiqqacha ko‘tarilishi beixtiyor aholini salqin suv havzalari bo‘yiga chorlaydi.
Matbuot anjumanida mutaxassislar tomonidan viloyat hududidagi cho‘milishga ruxsat etilgan ochiq va yopiq suv havzalari to‘g‘risida ma’lumot berildi. Shu o‘rinda viloyat hududidan o‘tgan kanal, ariq va zovurlar cho‘milish uchun ruxsat etilmagan joylar bo‘lib, bu joylarda cho‘milish inson hayoti uchun juda xavfli ekanligi ta’kidlandi.
Matbuot anjumanida ishtirok etgan jurnalist va blogerlar tomonidan har bir yo‘nalish bo‘yicha tegishli savollar berildi. Savollarga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javob qaytarildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.