Yoz faslining issiq havosi nafaqat inson salomatligi, balki iste’molga mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi uchun ham katta tahdid soladi. Bu esa ovqatdan zaharlanish holatlarining ko‘payishiga sabab bo‘lishi mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, har yili dunyo bo‘yicha 600 millionga yaqin odam sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari tufayli kasallanadi. Shuningdek, O‘zbekistonda ham mavsumiy xavfni bartaraf etish maqsadida tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki besh oyida mamlakat bo‘yicha 14 ta ovqatdan zaharlanish holati qayd etilgan, natijada 42 nafar fuqaro, jumladan, 17 nafar bola jabrlangan. Eng ko‘p holatlar — konserva mahsulotlari orqali yuqadigan botulizm kasalligi bilan bog‘liq bo‘lib, 23 nafar insonni zararlagan.
Shu kabi mavsumiy xavfning oldini olish, iste’molchi huquqlarini himoya qilish va bozorda sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifatini nazorat qilish maqsadida joriy yilning 25 iyun kuni Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Toshkent shahar hududiy birlashmasi va Shayxontohur tuman jamiyati vakili, Chorsu dehqon bozori ma’muriyati boshchiligida maxsus reyd tashkil etildi.
Tekshiruv Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda qabul qilingan chora-tadbirlar ish rejasi asosida o‘tkazildi va birma-bir bozor hududidagi savdo rastalari, go‘sht, sut, tuxum, salat, qandolat mahsulotlari va ayniqsa kremli tortlar hamda uy sharoitida tayyorlangan taomlar ko‘rib chiqildi. Shu bilan birgalikda, savdo nuqtalaridagi mahsulotlarning yaroqlilik muddati, saqlash sharoitlari, sanitariya-gigiyena talablariga amal qilinishi hamda veterinariya laboratoriyalaridan o‘tganligi tekshirildi.
Achinarlisi, ba’zi mahsulotlar kundagi yuqori haroratda to‘g‘ri saqlanmayotgani, ba’zilarining esa muhr va ishlab chiqaruvchi haqidagi ma’lumotlarsiz sotilayotgani aniqlandi. Bozor gumbazi ichidagi savdo nuqtalarida esa ayrim sotuvchilar tez-tez chiroq o‘chishi bilan bog‘liq muammo kuzatilayotgani, bu esa maxsus muzlatkichlarda saqlanayotgan qatiq va salat mahsulotlarining sifatiga ta’sir qilayotganini bildirdi. Ayrim rastalarda esa meva-sabzavotlarning narxi joylashtirilmagan, bu holatni shuningdek, go‘sht rastlarida ham uchratdik. Go‘sht mahsulotlarini sotib olayotganda ham iste’molchilar xushyor bo‘lishlari lozim, xususan antisanitar sharoitda, hech qanday ko‘rik xulosasi bo‘lmagan go‘sht mahsulotlarini sotib olishda ehtiyot talab etiladi.
Bugun rastalarda kolbasa mahsulotlarining juda ko‘plab turlari sotiladi. Biroq, ishlab chiqarish korxonasi, manzili va boshqa mahsulotni tayyorlashga oid ma’lumotlari bo‘lmagan kolbasa va boshqa har qanday mahsulotlar noma’lum sharoitda tayyorlangan hisoblanadi. Biroq ayrim sotuvchilar ushbu tegishli ma’lumotlarsiz holda sotilayotgan mahsulotlarni maxsus buyurtma asosida keltirib sotayotganliklarini bildirmoqda. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, madomiki, sotuvchi aytayotgan shu kabi maxsus buyurtma asosida ishlab chiqaruvchilar belgilangan qonuniy tartibda faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, nega mahsulot qadoqlarida buni ochiq ko‘rsata olmaydi? Umuman, bunday mahsulotlar iste’molchining salomatligiga zarar yetkazmasligiga kim kafolat beradi?
Yana bir holat, Sanepidqo‘mita vakillari bilan tayyorlangan avvalgi ko‘rsatuvlarimizning birida bizga tuxum mahsulotlarining +4 +6 daraja salqin haroratda saqlash lozimligi haqida ma’lumot berilgan edi. Ammo Chorsu bozorida olib borayotgan tekshiruvimiz jarayonida tushga yaqin, havo harorati 35 dan yuqori edi. Jazirama issiq ob-havo sharoitida rastalarda tuxumning erkin sotilayotganligi esa fuqarolar salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Shuningdek, mayonez va sut mahsulotlarining saqlash sharoitlariga zid ravishda, ayrim rangli ichimliklarning esa muddati o‘tgan holatda vetrinalarda qo‘yib sotilayotganligiga guvoh bo‘ldik.
Bundan tashqari, qandolat mahsulotlari ham rastalarida ham bo‘ldik:
“Avvalambor, qandolat mahsulotlarini usti ochiq holatda sotish mumkin emas. Chunki rastalar oralab xaridorlar yurganida chang ko‘tariladi va turli infeksiyalar qo‘shilib, chang ushbu mahsulotlarning ustiga o‘tirishi mumkin. Keyin bu mahsulotlarning ishlab chiqarish korxonasining nomi bor-u, manzili yo‘q. Qolaversa, ishlab chiqarilgan sana va saqlash muddati ham ko‘rsatilmagan. Bunday mahsulot esa iste’mol qilish uchun shubha uyg‘otadi va mahsulot sifatli va zararsiz ekanligiga kafolat yo‘q” deydi, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Toshkent shahar hududiy birlashmasi raisi o‘rinbosari — Sobir Abduraimov.
Reyd chog‘ida shuningdek, iste’molchilarga ham tavsiyalar berildi. Xususan, ularga mahsulotlarni xarid qilishda yaroqlilik muddatiga e’tibor qaratish, savdo nuqtalarining sanitar holatiga diqqat qilish, noma’lum ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlaridan ehtiyot bo‘lish, savol tug‘ilganda bozor ma’muriyatiga murojaat etish kerakligi uqtirildi.
Tekshiruv nihoyasiga yetgach, ortga qaytdik va yuqorida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha barcha ma’lumotlar bozor ma’muriyati rahbariga ma’lum qilindi. Ma’muriyat rahbari bu yerda ish boshlaganiga hali ko‘p bo‘lmagani, aniqlangan ushbu kamchiliklar zudlik bilan bartaraf qilinishi va kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘yilmasligini ma’lum qildi.
Kamchiliklar yuzasidan tuzilgan dalolatnoma esa Toshkent shahar hokimligi va boshqa tegishli tashkilotlarga chora ko‘rish uchun yuborilishi aytildi.
Ta’kidlash joiz, bu kabi kamchiliklar albatta, boshqa bozorlarda va savdo nuqtalarida ham uchramasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Ammo har doim iste’molchida tanlov imkoniyati bo‘ladi va dastavval, xarid qilayotgan mahsuloti haqidagi ma’lumotni sotuvchidan talab qilib tanishib chiqishi, mahsulot sifatli ekanligiga amin bo‘lgachgina, uni sotib olish huquqlari bor. Bu bilan esa iste’molchi nafaqat sarflagan puliga achinmaydi, balki o‘z salomatligini sifatsiz va iste’molga yaroqsiz mahsulotga alishmagan bo‘ladi.
Tekshiruvlarimiz davom etadi.
P/S: Diqqatimizni tortgan yana bir holat, bozor ichidagi ilgarigi tartibsizliklar va kamchiliklar umuman olganda bir muncha bartaraf etilgan. Har holda bozor ma’muriyati tomonidan bu gal samimiy kutib olindik va nazorat tekshiruvimiz ham risoladagidek o‘tdi. Kamchiliklar aytilganida bozor ma’muriyati bizga po‘pisa qilmadi, aksincha, odamgarchilik yuzasidan vakolatimizga doir vazifalarimizni erkin olib borishimizga qulay sharoit yaratib berdi.
Ya’ni biz bir necha yillar avvalgidek hurmatsizlikka duch kelmadik yoki bosim kayfiyatidagi “qo‘ng‘iroq”larni qabul qilmadik. Narx-navolar ham barqaror. Bu esa o‘z navbatida bozor ma’muriyati rahbarining o‘zgarganligi bilan bog‘liq holatligini ko‘rsatadi.
Har qanday tashkilotning o‘sishini istagan rahbar albatta, bildirilgan tanqidlarga kelajak mevasi sifatida qaraydi va kamchiliklarni shu tariqa bartaraf etib qo‘yadi.
Va, aminmizki, yuqorida aniqlangan kamchiliklar ham yangi rahbar boshchiligida tez fursatlarda bartaraf etiladi.
Batafsil videoda:
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/lmg0sXgnxGg" title="Yoz mavsumda ozik-ovkat havfsizligi: Chorsu bozoridagi raid natizhalari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, D.Yakubov, U.To‘xtayev, O‘zA