Yoz mavsumida ovqatlanish va shaxsiy gigiyenaga e’tiborsizlik sababli o‘tkir yuqumli ichak kasalliklari keng tarqalishi mumkin. Bunday kasalliklar tez yuquvchanligi, og‘ir oqibatlarga olib kelishi va inson salomatligiga jiddiy xavf solishi bilan xavfli hisoblanadi.
Shulardan biri o‘tkir diareya kasalligi bo‘lib, ich ketishi, qorinda og‘riq, bosh og‘rig‘i, holsizlik, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ba’zan tana haroratining ko‘tarilishi bilan kechadi.
Kasallik ko‘p hollarda qo‘llarni sovunlab yuvmaslik, qaynatilmagan suvni ichish (ariq, hovuz, quduq), yuvilmagan sabzavot va mevalarni iste’mol qilish, pashshalar orqali ifloslanish, oziq-ovqat mahsulotlarini noto‘g‘ri saqlash yoki tayyorlash natijasida kelib chiqadi.
Sog‘lom turmush tarzi va oddiy gigiyena qoidalariga amal qilish orqali esa bu kabi yuqumli ichak kasalliklaridan samarali himoyalanish mumkin.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati tavsiyalariga ko‘ra, har doim ayniqsa, ovqatlanishdan oldin va hojatxonadan keyin qo‘llarni sovun bilan yuvish, bolalarga ham buni o‘rgatish lozim.
Meva va sabzavotlarni toza yoki qaynatilgan suvda yuvish, qaynatilgan suv iste’mol qilish kerak.
Tez buziluvchi mahsulotlarni xarid qilayotganda yaroqlilik muddatiga va saqlash sharoitiga e’tibor berish muhim.
Shuningdek, oziq-ovqatlarni polietilen xalta va berk idishlarda saqlash, ovqat tayyorlashda sanitariya qoidalariga amal qilish, idish-tovoqlarni xlorli aralashma (0.2-0.5 foiz) bilan yuvish (ayniqsa, jamoaviy joylarda) maqsadga muvofiqdir.
Shuningdek, hudud va umumiy foydalanish joylari tozaligiga e’tibor qaratish hamda pashshalarning ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslik, chiqindi joylarini muntazam dezinfeksiya qilib turish yuqumli kasalliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Ushbu tavsiyalarga amal qilish orqali nafaqat o‘zimizni, balki oila a’zolarimizni, atrofdagilarni ham og‘ir kasalliklardan himoyalashimiz mumkin.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA