Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoz –2024: ta’til maroqli o‘tadi
18:59 / 2024-06-13

Bolajonlar yoz faslini orziqib kutadi. Kimdir oromgohda dam olishga, yana kimdir qishloqdagi qarindoshinikiga otlanadi. Qishloqdagi bolajonlar esa shaharga kelib madaniy hordiq chiqaradi.

Navoiy viloyatidagi 18 ta oromgohda joriy yilgi mavsumda 15 ming 490 nafar bolani sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan. 

– Oromgohlar faqatgina jismoniy sog‘lomlashtirish maskanlari sifatida emas, balki farzandlarimizning ma’naviyatini yuksaltirish, intellektual salohiyatini oshirish markazlariga aylandi, – deydi Bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti viloyat boshqarmasi boshlig‘i Mansurbek Mansurov. – Barcha bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohlarida kutubxonalar, turli to‘garaklar, sport seksiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, har bir mavsumda bolalar uchun chet tili to‘garaklari tashkil etilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bolalar uchun mo‘ljallangan filmlar to‘plami, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari uchun ssenariylar to‘plamidan iborat kitoblar bilan ta’minlanmoqda. 

“NKMK jamg‘armasi” davlat korxonasi Uchquduq hududiy boshqarmasi tasarrufidagi “Sarmishsoy” bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohi eng so‘lim maskanlardan biridir. Oromgoh Sarmish tog‘lari orasida joylashgan bo‘lib, salqin va go‘zal tabiati, qoyatosh suratlari bilan kishini o‘ziga maftun etadi. Oromgohda bolajonlar to‘rt mavsumda dam oladi. Ayni paytda oromgohda bolajonlar maroqli hordiq chiqarmoqda. 

– Men Konimex tumanidagi Zafarobod qo‘rg‘onida yashayman, – deydi Sharifjon Faxriddinov. – Oromgohda yangi do‘stlar orttirdim. Mazza qilib dam olyapman. Har kuni guruh rahbarlarimizdan yangidan yangi narsalar o‘rganyapman. Sport musobaqalari, turli ko‘ngilochar tomoshalar tashkil etilmoqda. Tarbiyachilarimizning aytishicha, har bir musobaqada g‘oliblar munosib taqdirlanarkan. Shuning uchun musobaqalarda faol ishtirok etib, g‘olib bo‘lishga harakat qilamiz. Guruhimizdagi bolalar turli hududlardan kelgan. Har kunimiz maroqli o‘tmoqda. 

Bolalarning maroqli hordiq chiqarishi uchun oromgohda 10 ga yaqin to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Mashg‘ulotlar mavsum avvalida saralab olingan pedagog xodim va yetakchilar tomonidan olib borilmoqda. 

– Pedagog xodimlar umumta’lim maktablarida faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilar orasidan, yetakchilarimiz esa talabalar orasidan saralab olingan, – deydi oromgoh direktori Mahbuba Umarova. – Oromgohda bolajonlarning maroqli dam olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Har kuni Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Besh tashabbus” doirasida tadbirlar, tanlovlar tashkil etilmoqda.

Oromgohda 14 kunga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqilgan bo‘lib, bolajonlar turli sport musobaqalari, ma’naviy-ma’rifiy va ko‘ngilochar tadbirlar hamda tanlovlarda ishtirok etadi. 

Mazkur oromgohda NKMK xodimlari Kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan shakllantirilgan yo‘llanmalar asosida “Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJ, “Navoiyuran” va “NKMK jamg‘armasi” davlat korxonalarida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning 2 ming 640 nafar farzandini sog‘lomlashtirilishi rejalashtirilgan.

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari