Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlarni maxsus guvohnomalarsiz saqlash taqiqlanmoqda
18:45 / 2022-08-29

So‘nggi vaqtlarda yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlarni jamoat joylarida olib yurish, to‘y-ma’raka, yubiley hamda boshqa oilaviy tadbir va marosimlarga ular bilan birga kelish holatlari ortib bormoqda. Bu esa o‘z navbatida, atrofdagi boshqa fuqarolarning hayoti hamda sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘dirib, ko‘ngilsiz holatlarning yuzaga kelishiga olib kelmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida ana shular ta’kidlanib, «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlarni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasidan tomonidan beriladigan maxsus guvohnomalarsiz yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan o‘zboshimchalik bilan saqlash taqiqlanmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitobi»ga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan kelishgan holda tashkil etiladigan maxsus pitomniklarda saqlash, shuningdek, yuridik shaxslar tomonidan yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlarni hayvonot bog‘lari, terrariumlar, sirklar, okeanariylar, delfinariylar, tabiiy pitomniklar, ilmiy va o‘quv maqsadlari uchun ilmiy va ta’lim tashkilotlarida saqlash faqatgina O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan beriladigan guvohnoma asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Mazkur qonun loyihasi yuzasidan fraksiyaning taklif va mulohazalari bildirilib, birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatlandi.

M.Qosimova, O‘zA