Yovvoyi jonivorni otgan shaxsga chora ko‘rildi
Surxondaryo viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi hamda viloyat Milliy gvardiya boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida Muzrabot tumanining Buyuk ipak yo‘li mahallasi hududida, qo‘shni davlat bilan chegara oldi mintaqasida joylashgan sholipoya dala maydonida yovvoyi o‘rdak kushandasi aniqlandi.

Viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘z ov qurolidan foydalanib yovvoyi jonivorni g‘ayriqonuniy ovlagan fuqaro B.R. (ism-sharif o‘zgartirilgan) Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasi 1-qismiga muvofiq javobgarlikka tortildi.

Qonunga zid ravishda bir bosh yovvoyi o‘rdak ovlagani uchun ovchiga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rilib, tabiatga yetkazilgan ekologik zarar 412 ming so‘m deb baholandi. Shuningdek, unga 8 million 240 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanildi.
Nilufar Bozorova, O‘zA