FOTOREPORTAJ
Qish kunlari barcha qo‘riqxonalarda bo‘lgani singari Surxon davlat qo‘riqxonasining barcha hududlarida hayvonlarni sovuqdan asrash, qorli kunlardan betalofat olib chiqish maqsadida biotexnik tadbirlar o‘tkazilib, hayvonlar uchraydigan hududlarga ozuqalar qo‘yib chiqilmoqda. Ana shunday xayrli ishning navbatdagi manzili qo‘riqxonaning “Xatak” bo‘limi bo‘ldi.
[gallery-27232]
Qo‘riqxonada jonivorlar tabiiy ravishda bedahl qonuniyatlar yo‘rig‘ida yashab, ko‘payib tabiatning mikrotizimini yaratib hayot kechiradi. Ana shu sof tabiiylik, ya’ni yovvoyi hayotga inson aralashuvining nihoyatda kamligi natijasida bu maskanda tabiat xilma-xilligi asrab qolinmoqda.
Sovuq kunlarda tabiat jonkuyarlari, qo‘riqxonaning xayvonotga chinakam mehr qo‘ygan xodimlari o‘z halovatlaridan kechib, jonivorlarga ozuqa ulashmoqda. Albatta mushtarak maqsad hayvonlarni qish mavsumidan betalafot olib chiqishdir.
Biotexnik tadbirlar uchun Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan Surxon davlat qo‘riqxonasida 15 tonna ozuqabop yem, 10 tonna tuz, 1000 dan ortiq dag‘al xashak ajratilgan. Mahsulotlar tog‘larda yashovchi yovvoyi hayvonlar va qushlar uchun ozuqa sifatida zaxira qilingan. Tabiat ulkan tizim, uning bag‘rida yashaydigan har bir jonivor, o‘sadigan har bir giyoh ma’lum bir ahamiyatga ega. Shu oddiy haqiqatni har bir inson chin yurakdan his etsa, jannatmonand yurtimizning go‘zal tabiati o‘z tarovatini yo‘qotmaydi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV, O‘zA