Tabiat xilma-xilligini asrab avaylashda qo‘riqxonalar faoliyati muhim ahamiyatga ega. Sovuq kunlar tushishi bilan barcha qo‘riqxonalarda bo‘lgani singari Surxon davlat qo‘riqxonasining barcha hududlarida hayvonlarni sovuqdan asrash, qorli kunlardan betalofat olib chiqish maqsadida biotexnik tadbirlar o‘tkazilib, hayvonlar uchraydigan hududlarga ozuqalar qo‘yib chiqilmoqda. Ana shunday xayrli ishning navbatdagi manzili qo‘riqxonaning Vandob bo‘limi bo‘ldi.
Surxon davlat qo‘riqxonasi Sherobod tumani hududida Ko‘xitang tog‘larining kunchiqar yonbag‘rida joylashgan. Dengiz sathidan 850 metrdan 3137 metrgacha bo‘lgan balandlik sari yuksaluvchi ushbu so‘lim va boy go‘sha Turkmaniston Respublikasining davlat chegarasiga qadar yastangan. Qo‘riqxona 23406,4 gektar maydonda joy olgan. Uning hududi nazorat, boshqaruv va qarovning qulayligi nuqtai nazaridan 7 ta bo‘limga ajratiladi. Har bir bo‘lim tarkibida 2 tadan kvartal bor. Bu maskanda 807 turdagi o‘simlik bedahl asraladi. Ularning 47 xili O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan. Shuningdek, 26 turdagi sut emizuvchilar, qushlarning 137 turi, sudralib yuruvchilarning 24 turi, suvda va quruqlikda yashovchi jonzotlarning 2 turi, jami 194 turdagi jonzotlarni uchratish mumkin. Ularning 25 turi mamlakatimiz “Qizil kitobi”ga kiritilgan.
[gallery-15769]
Aslida qo‘riqxonadagi jonivorlar tabiiy ravishda bedahl qonuniyatlar yo‘rig‘ida yashab, ko‘payib tabiat mikrotizimini yaratib hayot kechiradi. Ana shu sof tabiiylik, ularning yovvoyi hayotiga inson aralashuvining nihoyatda kamligi natijasida bu maskanda tabiat xilma-xilligi nafaqat asrab qolinmoqda, balki, yangi turdagi hayvonlarning ham mavjudligi aniqlanmoqda.
Sovuq kunlarda tabiat jonkuyarlari, qo‘riqxonaning hayvonotga chinakam mehr qo‘ygan xodimlari jonivorlarga ozuqa ulashishni yo‘lga qo‘ydi. Mushtarak maqsad hayvonlarni qish mavsumidan betalofat olib chiqishga qaratilgan. Biotexnik tadbirlar uchun Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tog‘larda yashovchi yovvoyi hayvonlar va qushlar uchun ozuqa sifatida Surxon davlat qo‘riqxonasida 10 tonna yem, 500 bog‘ beda, 4 yarim tonna tuz mahsulotlari zaxira qilingan.
Tabiat ulkan tizim, uning bag‘rida yashaydigan har bir jonivor, o‘sadigan har bir giyoh ma’lum bir ahamiyatga ega. Shu oddiy haqiqatni chin yurakdan his eta olsak, jannatmakon yurtimizning go‘zal tabiati abadul-abad o‘z tarovatini yo‘qotmaydi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/A4htKbzvPO0" title="Yovvoyi hayvonlarni qishdan betalofat olib chiqish – eʼtiborda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Jonibek QO‘ZIMURODOV, (surat, video), O‘zA