Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yovvoyi hayvonlarni namoyish qilishga oid normalar belgilanmoqda
09:29 / 2022-10-04

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

— Mamdakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik holatni yaxshilash borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, — dedi fraksiya rahbari Ulug‘bek Inoyatov. — Xususan, kamyob va yo‘qolib ketish arafasida turgan yovvoyi hayvonlarni asrash, ularning tabiiy populyatsiyasini saqlab qolish yo‘lida ham qonunchilik takomillashtirib borilmoqda. “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi bilan yovvoyi, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan hayvonlarni saqlash va foydalanish tartibini belgilash nazarda tutilmoqda. Zero, hayvonot olamini asrab-avaylash, tabiatni muhofaza qilish, shu bilan birga, hayvonlarni saqlash tartiblariga amal qilish har birimizning burch hamda vazifamizdir. 

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, hozirga qadar fuqarolar tomonidan yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlarni uy sharoitida saqlash masalasi huquqiy tartibga solinmagan. Shu sababli keyingi vaqtlarda yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlarni jamoat joylarida olib yurish, to‘y, ma’raka, yubiley hamda boshqa oilaviy tadbir va marosimlarga ular bilan birga kelish holatlari ortib bormoqda. Oqibatda fuqarolarning osoyishtaligi buzilib, salomatligiga jiddiy xavf paydo bo‘lmoqda. Qonun loyihasida yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlash, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, namoyish qilish bilan bog‘liq yangi normalar belgilanmoqda. 

Fraksiya a’zolari hayvonot dunyosini muhofaza qilish tabiat va iqlim o‘zgarishlari sharoitida muhim ahamiyatga ega ekanini alohida qayd etishdi. Deputatlar hayvonot olamini asrash bilan birga, jamoat joylarida yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlardan foydalanishni cheklash, bu borada tartib-qoidalarni aniq belgilash zarurligini ta’kidladi. Qonun loyihasida nazarda tutilayotgan yovvoyi, yirtqich va zaharli hayvonlarni yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan saqlash taqiqlanishi haqidagi normani yanada aniqlashtirish, qat’iylashtirish zarurligi bo‘yicha takliflar bildirildi. Shundan so‘ng qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan ma’qullandi. 

Yig‘ilishda yana bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. 

Muhtarama Komilova, 
O‘zA