FOTOREPORTAJ
Qish faslining sovuq va qorli kunlari yovvoyi hayvonlar uchun eng murakkab davr hisoblanadi. Qalin qor qoplami ozuqa izlashni qiyinlashtirib, ularning tabiiy yashash muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamenti tasarrufidagi “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘ida yovvoyi hayvonlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan biotexnik tadbirlar muntazam amalga oshirilmoqda.
[gallery-27490]
Tadbirlar doirasida qo‘riqxona hududida yovvoyi hayvonlar ko‘p uchraydigan maskanlarda maxsus ozuqa maydonchalari tashkil etilmoqda. Ushbu maydonchalarga qo‘shimcha ozuqa zaxiralari joylashtirilib, qishning og‘ir sharoitida hayvonlarning oziqlanishi ta’minlanmoqda. Bu esa ayrim turlarni saqlab qolish, shuningdek, ekotizimdagi tabiiy muvozanatni asrashga xizmat qilmoqda.
Biotexnik tadbirlar jarayonida yovvoyi hayvonlarning holati doimiy ravishda kuzatuvga olinadi. Zarur hollarda qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rilib, xavf ostida qolishi mumkin bo‘lgan turlarni muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa qo‘riqxona hududida biologik xilma-xillikni saqlashga qaratilgan ishlar samaradorligini oshiradi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA