Qish faslining sovuq va qorli kunlari yovvoyi hayvonlar uchun eng murakkab davr hisoblanadi. Qalin qor qoplami ozuqa izlashni qiyinlashtirib, ularning tabiiy yashash sharoitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shu bois, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamenti tasarrufidagi Zomin davlat qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan biotexnik tadbirlar muntazam amalga oshirilmoqda.


Tadbirlar doirasida qo‘riqxona hududida yovvoyi hayvonlar tez-tez uchraydigan maskanlarda maxsus ozuqa maydonchalari tashkil etilmoqda. Ushbu maydonchalarga qo‘shimcha ozuqa zaxiralari joylashtirilib, hayvonlarning qishning og‘ir sharoitida oziqlanishi ta’minlanyapti. Bu esa nafaqat ayrim turlarning saqlanib qolishiga, balki butun ekotizimdagi tabiiy muvozanatni asrashga xizmat qilmoqda.


Biotexnik tadbirlar jarayonida yovvoyi hayvonlarning holati doimiy ravishda kuzatuvga olinadi. Zarur hollarda qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rilib, xavf ostida qolishi mumkin bo‘lgan turlarni muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yondashuv qo‘riqxona hududida biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshiradi.

Zomin davlat qo‘riqxonasida amalga oshirilayotgan mazkur ishlar ekologik barqarorlikni ta’minlash, yovvoyi hayvonlarni asrash va kelajak avlod uchun ularning noyob turlarini saqlab qolishga qaratilgan muhim amaliy qadam sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari