FOTOREPORTAJ
O‘zA saytida yo‘lga qo‘yilgan “Zulfiyaxonim izdoshlari” loyihasida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohiblarining bugungi faoliyati, kasbiy yutuqlari va jamiyat hayotidagi o‘rni keng yoritib borilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi — yoshlikda e’tirof etilgan iqtidor egalarining bugungi mas’uliyatli vazifasi va Vatan ravnaqiga qo‘shayotgan hissasini namoyon etishdan iborat.
Shahnoza Xolmaxamatova ana shunday mukofot sohibalaridan. U 2001-yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Yoshlikdagi faollik va tashabbuskorlik keyingi hayotiga mustahkam zamin yaratdi.
Bugun Shahnoza Xolmaxamatova O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi sifatida samarali faoliyat yuritmoqda.
Qahramonimiz 2010-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetini, 2023-yilda esa Chirchiq davlat pedagogika universiteti magistraturasini tamomlagan. Pedagogik bilim va tajribasi uning parlament faoliyatida, ayniqsa ta’lim sohasiga oid masalalarda faol pozitsiya egallashiga xizmat qilmoqda.
Sh. Xolmaxamatova qonun ijodkorligi va parlament nazorat-tahlil faoliyatida faol ishtirok etib, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar hamda ta’lim sohasiga doir qonun loyihalarini ishlab chiqishda o‘z takliflari bilan qatnashib kelmoqda. Qo‘mita doirasida ikki qonun loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida ishchi guruh a’zosi sifatida mas’ul bo‘lgan.
Parlamentdagi faoliyati davomida ommaviy axborot vositalarida 150 dan ortiq maqola va intervyulari e’lon qilingan. Saylovchilar bilan 270 dan ziyod uchrashuv o‘tkazib, ularning murojaat va takliflarini hal etishga hissa qo‘shgan.
[gallery-27637]
2024-yilda davlat va jamiyat rivojiga qo‘shgan munosib hissasi uchun “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Shahnoza Xolmaxamatovaning hayot yo‘li — yoshlikdagi e’tirofdan mas’uliyatli davlat xizmatigacha bo‘lgan izchil mehnat va sadoqat namunasidir. Uning faoliyati yosh qizlar uchun ilhom va kelajakka ishonch timsoli bo‘lib xizmat qiladi.
Kamola Yusupova,
Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA