FOTOREPORTAJ
“Zulfiyaxonim izdoshlari”
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi saytidagi “Zulfiyaxonim izdoshlari” loyihasining navbatdagi qahramoni — sportdagi yutuqlari uchun “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan Dilbar Xoljigitova.
Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida voyaga yetgan Dilbar Xoljigitova yoshlikdan sportga mehr qo‘ygan. Taekvondoning ITF yo‘nalishi bo‘yicha muntazam shug‘ullanib, qisqa fursatda yuqori natijalarga erishdi. U to‘qqiz karra mamlakat, ikki karra Osiyo va ikki karra jahon chempioni sifatida nafaqat yurtimizda, balki xalqaro maydonlarda ham munosib natijalarni qayd etgan.

Sportdagi yutuqlari, faol fuqarolik pozitsiyasi, namunali xulqi va intilishi uchun u 2014-yilda “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofotiga loyiq ko‘rildi. Bu e’tirof uning hayotidagi muhim bosqichga aylandi. Chunki mazkur mukofot nafaqat sharaf, balki katta mas’uliyat hamdir.
Dilbar Xoljigitova 2018-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini tamomlab, filologiya va tillarni o‘qitish (ingliz tili) yo‘nalishida bakalavr darajasini oldi. 2020-yilda shu universitet magistraturasini muvaffaqiyatli yakunladi. Rus, ingliz va turk tillarini yaxshi bilishi uning xalqaro muloqot va hamkorliklarda faol ishtirok etishiga zamin yaratdi.
U faoliyatini yoshlar bilan ishlash sohasiga bag‘ishladi. Turli yillarda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tizimida, shuningdek Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi kabi tashkilotlarda samarali mehnat qildi.
Ayni paytda u O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi markaziy apparatida vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat organlari tomonidan yoshlar siyosati amalga oshirilishini muvofiqlashtirish bo‘limi bosh mutaxassisi lavozimida faoliyat yuritmoqda.

Sportda shakllangan intizom, matonat va qat’iyat Dilbar Xoljigitovaning bugungi kasbiy faoliyatida ham yaqqol namoyon. U yoshlarning iqtidorini ro‘yobga chiqarish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator loyiha va dasturlarda ishtirok etmoqda.
Uning ta’kidlashicha, yoshlikdagi e’tirof insonni to‘xtatib qo‘ymasligi, aksincha, yanada katta marralar sari ilhomlantirishi kerak. “Zulfiya” mukofoti sohibasi sifatida u bugun ham o‘z ustida ishlash, bilim va tajribasini oshirish hamda jamiyatga foyda keltirishni hayot mezoni deb biladi.
Dilbar Xoljigitovaning eng katta orzusi — yurtimiz yoshlarining xalqaro maydonlarda muvaffaqiyat qozonishiga hissa qo‘shish, ular uchun yanada keng imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishdir. U sport va ta’lim uyg‘unligi orqali barkamol avlodni tarbiyalash mumkinligiga ishonadi.

“Zulfiyaxonim izdoshlari” loyihasining mohiyati ham ana shunda — yoshlikda e’tirof etilgan iqtidor egalarining bugungi mas’uliyatli vazifasi va Vatan taraqqiyotiga qo‘shayotgan munosib hissasini yoritish. Dilbar Xoljigitovaning hayot yo‘li bunga yaqqol misol — yutuqlardan mas’uliyatga, e’tirofdan xizmat sari odimlayotgan fidoyi o‘zbek qizining ibratli timsoli.
Kamola Yusupova,
Asliddin Alijonov (surat), O‘zA