Sirdaryo tumanining Yoshlik mahallasida yangi ta’lim muassasasi – “Ilk rivojlanish markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 305 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur maskan mahalliy aholi, ayniqsa kam ta’minlangan oilalar farzandlarini maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish imkonini yaratadi.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda hudud hokimligi qarorlari ijrosi doirasida amalga oshirilib, unga 550 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Markaz ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda tuman hokimligi, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi vakillari, nuroniylar, pedagoglar hamda mahalliy aholi ishtirok etishdi. Yangi muassasaning ishga tushirilishi tuman aholisi uchun katta quvonch bo‘lib, bolalarning rivojlanishi va ta’lim olishida muhim qadam sifatida e’tirof etildi.

– Loyiha doirasida 16 ta yangi ish o‘rni yaratildi va markaz malakali mutaxassislar bilan ta’minlandi, – deydi markaz rahbari Gulnoza Qutduzova. – Eng quvonarlisi, tumandagi 38 ta mahallada istiqomat qilayotgan 877 ta kambag‘al oila farzandlari maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinadi. Shu bilan birga, markaz yoshlarning iqtidorini yuzaga chiqarish, ularda mustaqil fikr va ijodkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishda muhim maskan bo‘lib xizmat qiladi.

Markazda ikki yo‘nalish — “o‘yin guruhi” va “maxsus maktabgacha ta’lim guruhi” faoliyat yuritadi. Bir vaqtning o‘zida 100 nafar bola qisqa muddatli mashg‘ulotlarda qatnashishi mumkin. Shu bilan birga, rivojlanishi sust va alohida ehtiyojli 20 nafar bola uyiga pedagoglar tashriflari orqali ta’lim bilan qamrab olinadi.
Markaz xonalari zamonaviy talablarga javob beradi: 4 ta guruh xonasi, pedagog va tibbiyot xodimlari uchun alohida xonalar, sanitariya xonalari mavjud. Har bir xona o‘quv qo‘llanmalar, badiiy adabiyotlar va rivojlantiruvchi o‘yinchoqlar bilan ta’minlangan. Bolalar ro‘yxati BBIT.uz platformasi orqali shaffof tarzda shakllantiriladi.
Eng muhimi, ishtirokchilar tomonidan markaz faoliyati yosh avlod iqtidorini rivojlantirish, ta’limda teng imkoniyatlarni ta’minlash va oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yo‘lida muhim qadam sifatida baholandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri