FOTOREPORTAJ
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti — har bir qiz qalbidagi orzu, matonat va ishonch ramzi. Bu mukofotga sazovor bo‘lish iste’dod bilan birga iroda, mehnat va vatanga sadoqatni talab qiladi. Ana shunday fazilatlarni o‘zida mujassam etgan yoshlardan biri — Gulhayo Qo‘shoqovadir.
1998-yilda Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida tug‘ilgan Gulhayo bolaligidan izlanuvchanligi va tirishqoqligi bilan ajralib turardi. Oddiy qishloq maktabidan boshlangan ta’lim yo‘li uni katta maqsadlar sari yetakladi. Keyinchalik u Muzrabot tumanidagi ixtisoslashtirilgan “Iqtidorli bolalar” maktabida bilim oldi, bu yerda fanlar bilan birga intilish, o‘zida ishlash va yutuq uchun kurashishni ham o‘rgandi.
Uning qalbida adabiyotga muhabbat erta uyg‘ondi. “Vatanimni sevib yashayman”, “Vatanim ostonasi” nomli she’riy to‘plamlari yosh ijodkorning yurtga sadoqat va mehr bilan yozilgan satrlaridir. Gulhayoning yutuqlari faqat qalam bilan cheklanmay, sport va ta’lim sohasida ham namoyon bo‘ladi.
2022-yilda Termiz shahrida jamoat salomatligi texnikumida tahsil olayotgan davrida u Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Hozirda Gulhayo Toshkent Tibbiyot universiteti Termiz filiali to‘rtinchi bosqich talabasi. Ilmiy izlanishlari natijasida 200 dan ortiq maqola chop etilgan, 2024-yilda esa respublika miqyosida “Yil talabasi” tanlovida “Tadbirkor talaba” nominatsiyasi bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi.
[gallery-28058]
2025-yilda respublika fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lishi, Germaniya, Polsha va Hindistonda ilmiy maqolalarining chop etilishi Gulhayoning ilmiy salohiyatining xalqaro maydonda ham e’tirof etilayotganidan dalolatdir.
– Prezidentimizning yoshlarga qaratayotgan e’tibori menga doimo kuch va shijoat beradi, – deydi Gulhayo. – Hozirda tibbiyot yo‘nalishida bilim va tajribamni orttirib, yetuk malakali shifokor bo‘lishni maqsad qilganman. Shu bilan birga asosiy maqsadim — ilmiy ishlar qilish va orzularimni ro‘yobga chiqarish.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA