Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlik va sport bayrami
22:18 / 2015-05-26

Mamlakatimizda “Umid nihollari – 2015” sport o‘yinlarining final bosqichi yoshlik va sport bayrami sifatida o‘tkazilmoqda

Mamlakatimizda “Umid nihollari – 2015” sport o‘yinlarining final bosqichi yoshlik va sport bayrami sifatida o‘tkazilmoqda

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport o‘yinlari yosh avlodni sportga keng jalb etish, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini kamol toptirish, buyuk ajdodlarimizning mardlik va jasurlik an’analarini munosib davom ettirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Uzoqni ko‘zlab amalga oshirilgan ushbu ezgu ishlarning natijalariga bugun butun dunyo tan bermoqda. Uch bosqichli mazkur sport musobaqalarida jismonan va ruhan chiniqqan, tajriba va mahoratini oshirgan ko‘plab sportchilarimiz eng nufuzli sport anjumanlarida – qit’a va jahon chempionatlari, Osiyo va Olimpiya o‘yinlarida yuksak g‘alabalarga erishmoqda. Ularning sharafiga Vatanimiz bayrog‘i baland ko‘tarilib, davlatimiz madhiyasi yangramoqda.

Mazkur tizimning ilk bo‘g‘ini – “Umid nihollari” sport o‘yinlarining bu yilgi final bosqichi o‘zgacha tarzda – yoshlik va sport bayrami sifatida hududlarda tashkil etilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – ushbu sport musobaqalarining ommaviyligini yanada oshirish, unda yanada ko‘proq yoshlarimiz qatnashishini ta’minlash, sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini har tomonlama targ‘ib qilishdan iborat.

Musobaqalar sportning o‘n yetti turi – badiiy gimnastika, badminton, basketbol, boks, voleybol, dzyudo, yengil atletika, og‘ir atletika, sport gimnastikasi, stol tennisi, suzish, taekvondo, futbol, shaxmat, erkin va yunon-rum kurashi, qo‘l to‘pi bo‘yicha o‘tkazildi. E’tiborli jihati, musobaqada o‘quvchilar asosan Olimpiada dasturidan joy olgan sport turlari bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi. Ular orasidan kelajakda jahon miqyosidagi nufuzli musobaqalarda, xususan, Olimpiya o‘yinlarida Vatanimiz sha’nini munosib himoya qilishga qodir sportchilar yetishib chiqishi shubhasiz.

* * *
1c.jpg
Buxoro viloyati. Buxoro madaniy markazidagi amfiteatr har qachongidan gavjum. Bayramona bezatilgan teatrda “Umid nihollari – 2015” sport musobaqalarining viloyat final bosqichi g‘oliblarini sharaflash – yoshlik va sport bayrami bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz rahnamoligida O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilgani o‘g‘il-qizlarni ommaviy sportga jalb etishda keng imkoniyatlar yaratib, sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga xizmat qilayotir. Buxoro viloyatida o‘tgan davr mobaynida 110 bolalar sporti majmuasi, gimnastika saroyi va sport zallari qurildi. Bundan 13-yil avval 16 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlarning 19 foizi sport bilan shug‘ullangan bo‘lsa, ayni kunda bu ko‘rsatkich 55,8 foizga yetdi.

Ommaviylik iste’dodlarni kashf etish, ular mahoratini oshirishga xizmat qiladi. “Umid nihollari” ana shunday ommaviy sport musobaqasidir.

“Umid nihollari – 2015” musobaqasiga viloyatda puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Uning dastlabki saralash bahslarida o‘n minglab o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi. Ularning uch ming nafardan ziyodi joriy yil mart oyida bo‘lib o‘tgan hududiy bosqichida kuch sinashdi. Bahslar nafaqat Buxoro shahrida, balki viloyatning boshqa tuman va shaharlaridagi zamonaviy sport majmualarida o‘tkazildi. Ishtirokchilar orasidan 128 nafari kuchlilar safida e’tirof etildi.

Musobaqada Buxoro shahri vakillari umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Vobkent va Shofirkon tumanlari yosh sportchilari egalladi.

Viloyat hokimi M.Esonov Buxoro shahri jamoasiga Prezidentimiz sovg‘asi – “Damas” avtomashinasini topshirdi.

Musobaqada yuqori natijalarga erishgan sportchilar sharaflandi.

– Uch yildan buyon erkin kurash bilan shug‘ullanaman, – deydi Buxoro shahridagi 1-olimpiya zaxiralari sport maktabi tarbiyalanuvchisi Mirkamol Beshimov. – Bu yerda o‘zimiz xohlagan sport turi bilan shug‘ullanishimiz uchun barcha sharoit yaratilgan. “Umid nihollari”da g‘olib bo‘lganimdan xursandman. Ushbu musobaqa men uchun katta sport sari o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘taydi. Yaqinda o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan mamlakat chempionatida kumush medalga sazovor bo‘ldim.

Buxoro badiiy gimnastika maktabi mazkur sport turi bo‘yicha mamlakatda yetakchi o‘rinda turadi. Bu yerdan yetishib chiqqan mamlakat va Osiyo chempionlari – Zamira Sanaqulova O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi unvoniga loyiq topildi, Husniyabonu G‘ulomova va Sarvina Xoliqova Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Ular qatoriga bu yil Sitora Ismatova ham qo‘shildi.

– Men qizim bilan faxrlanaman, – deydi Sitoraning onasi Gulbahor Qilicheva. – U tirishqoq, o‘z oldiga qo‘ygan maqsad sari astoydil intiladi, qat’iyatli. Qizim a’lo baholarga o‘qimoqda. Katta sportda ham o‘z yo‘lini topdi. Sitoraning xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishishiga ishonaman. Bularning barchasi Yurtboshimiz rahnamoligida yoshlar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik samarasidir.

Qobiliyatni ilg‘ash, uni tarbiyalash oson emas. Buni vobkentlik murabbiy Shahob Mahmudov yaxshi biladi. 

– Tumanimizda og‘ir atletika bilan shug‘ullanuvchi yoshlar safi tobora kengayib bormoqda, – deydi Sh.Mahmudov. – Sportchilarimiz orasidan mamlakat chempionlari yetishib chiqqan. Ularga munosib izdoshlar kamol topmoqda. “Umid nihollari – 2015” musobaqasida to‘rt vazn toifasining uchtasida vobkentlik yoshlar – Abbos Ibodullayev, Abduhakim Ikromov, Murod Hayitov g‘olib bo‘ldi. Bu qobiliyatli sportchilar kelajakda xalqaro musobaqalarda ham munosib ishtirok etishiga ishonaman.

Sport bayramida taniqli sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. San’at ustalari, estrada xonandalari hamda badiiy jamoalarning konsert dasturi yoshlik va sport bayramiga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

* * * 
5c.jpg
Surxondaryo viloyati. Surxon vohasida ham “Umid nihollari – 2015” sport musobaqalarining final bosqichi ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. 

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportning ommaviyligini ta’minlash, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirish yuzasidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk avlodni kamol toptirishda yuksak samaralar bermoqda. An’anaviy o‘tkazilayotgan uch bosqichli – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod”, Universiada musobaqalaridan iborat sport tizimi yoshlarni ezgu g‘oyalar atrofida birlashtirmoqda. Tinch, obod mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirib, O‘zbekiston farzandlarining hech kimdan kam emasligini namoyon etayotir. Joriy yil dastlabki choragida viloyatning oltmishga yaqin sportchi-o‘quvchisi xalqaro va mamlakat miqyosida o‘tkazilgan musobaqalarda faol ishtirok etib, ko‘plab sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgani bunga yaqqol misoldir.

Dunyoning ko‘plab davlatlarida qiziqish bilan o‘rganilayotgan mazkur noyob tizimning ilk bo‘g‘ini “Umid nihollari” sport o‘yinlari umumta’lim maktablari o‘quvchilarining o‘z kuchi va salohiyatini keng namoyon etishi uchun beqiyos imkoniyat yaratmoqda. Nufuzli musobaqada ishtirok etish istagini bildirgan sportchi o‘g‘il-qizlar saralash bosqichlarida sinovdan o‘tdi. Jumladan, Surxondaryo viloyatidagi 856 umumta’lim maktabida 364 ming 860 dan ortiq o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Ularning 177 mingga yaqini qizlardir. “Umid nihollari” musobaqalariga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida joylarda tashkil etilgan bellashuvlarda yuz mingga yaqin o‘quvchi ishtirok etdi. 

– “Umid nihollari – 2012” sport o‘yinlarining final bosqichi kelgusi sport faoliyatimda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi, – deydi Termiz olimpiya zaxiralari kolleji o‘quvchisi Ma’rufjon Murodullayev. – Endilikda dunyoning turli davlatlarida o‘tkazilayotgan nufuzli musobaqalarda O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emasligini namoyon etayotirman. O‘tgan yili Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilgan II Paraosiyo o‘yinlarida ikkita oltin medalni qo‘lga kiritdim. 2016-yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tadigan XV Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etishga yo‘llanma oldim. Sayyoramizning eng kuchli sportchilari ishtirok etadigan ushbu musobaqada ham davlatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga tayyorgarlik ko‘rmoqdaman.

2003-2014-yillarda Surxondaryo viloyatida barcha sharoitga ega 124 sport inshooti bunyod etilib, zamonaviy usulda jihozlandi. Ayni paytda mazkur inshootlarda 83 ming 325 o‘quvchi sportning 34 turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. 

– Bolaligimizda sport bilan shug‘ullanish uchun bunday qulayliklarni xayolimizga ham keltira olmas edik, – deydi termizlik Ulug‘bek Xo‘jaqulov. – Bugun o‘g‘lim Shahzodjonning darsdan bo‘sh vaqtlarida barcha sharoitga ega sport inshootida boks bilan muntazam shug‘ullanayotganiga havas bilan boqaman. U sport bilan do‘st tutingach, qaddi-qomati o‘sib, fikri yanada teranlashdi. Maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Umid nihollari” sport musobaqasining barcha bosqichida o‘g‘limning yuqori ko‘rsatkichlarga erishganidan boshim osmonga yetdi. Kelajakda uning jahon miqyosidagi musobaqalarda O‘zbekistonimiz obro‘sini sharaf bilan himoya qilishiga ishonaman. Farzandlarimiz uchun bunday imkoniyatlar yaratib berayotgan Yurtboshimizdan cheksiz minnatdormiz.

Termiz shahrida barcha sharoitga ega zamonaviy o‘nta bolalar sporti inshooti yosh avlodni har tomonlama barkamol ulg‘aytirishga xizmat qilmoqda. Jahon andozalariga mos bunyod etilgan “Surxon” sport majmuasi, suzish havzalari, tennis korti, “Alpomish” kurash majmuasi va boshqa zamonaviy sport inshootlari o‘g‘il-qizlarning eng sevimli maskaniga aylangan. Ushbu inshootlarda yigirma mingga yaqin o‘quvchi sport bilan shug‘ullanmoqda. Ularning sakkiz ming besh yuzdan ortig‘i qizlardir.

“Umid nihollari” sport musobaqasining viloyat bosqichida Termiz shahrining sportchi-o‘quvchilari birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Qumqo‘rg‘on tumani vakillariga nasib etdi. Jarqo‘rg‘onliklar uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Surxondaryo viloyati hokimi T.Mamaraimov Termiz shahri jamoasiga Prezidentimiz sovg‘asi – “Damas” avtomashinasini topshirdi. “Umid nihollari” sport o‘yinlarida yaxshi ko‘rsatkichlarga erishgan sportchi o‘g‘il-qizlar ham munosib taqdirlandi.

– Musobaqaning final bosqichida Termiz shahri jamoasining g‘olib bo‘lishiga o‘z hissamni qo‘shganimdan quvonchim cheksiz, – deydi viloyat markazidagi 2-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Farida Ismatova. – Sportning badiiy gimnastika turi bo‘yicha erishgan yutuqlarim munosib rag‘batlantirilib, Prezidentimiz sovg‘asiga sazovor bo‘lganim kelajakda jahon musobaqalarida ham yurtimiz sha’nini munosib himoya qilishimga katta ishonch, intilish uyg‘otdi. Bu ishonchni oqlash uchun ustozlarim ko‘magida mahoratimni yanada oshiraman.

Yoshlik va sport bayrami san’atkorlarning gala-konserti bilan yakunlandi.

* * *
9c.jpg
Toshkent. Muhtasham va zamonaviy imoratlari, go‘zal va so‘lim bog‘lariyu xiyobonlari bilan nainki yurtdoshlarimiz, balki xorijliklarning ham havasini tortayotgan va kundan-kunga chiroy ochib borayotgan Toshkent shahri bugun yanada fusunkor, jozibador. Ko‘chalar, xiyobonlar bayramona bezatilgan, serjilo nur taratayotgan rang-barang chiroqlar, bahorning mayin shabadasida hilpirayotgan bayroqlar shaharga bayramona ruh, o‘zgacha kayfiyat baxsh etgan. Poytaxt ko‘chalari har kungidan-da gavjum. Odamlarning yuz-ko‘zlarida shodumonlik, shukronalik tuyg‘usi aks etgan. 

“O‘zbekiston” sport majmuasida “Umid nihollari – 2015” sport musobaqalarining Toshkent shahar final bosqichi tantanalari bo‘lib o‘tdi. 

Toshkent shahar hokimi R.Usmonov mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida kelajagimiz egalari, ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan navqiron avlodni sog‘lom va barkamol, hech kimdan kam bo‘lmagan va hech qachon kam bo‘lmaydigan insonlar qilib voyaga yetkazish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilanganini alohida ta’kidladi. 

Bu boradagi ishlar natijasini mamlakatimizda sportning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohaning rivojlanishi uchun xalqaro standartlar talablari darajasida asos yaratish maqsadida tashkil etilgan Respublika Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatida, mamlakatimizning barcha hududlarida, jumladan, poytaxtimizda barpo etilgan zamonaviy ta’lim-tarbiya muassasalarida eng ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida tahsil olib, sport majmualarida jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanib, yuksak intellektual salohiyatga ega, ma’nan va jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetayotgan o‘g‘il-qizlarimiz misolida ko‘rish mumkin.

Poytaxtimizda 287 umumta’lim maktabi va 44 Bolalar va o‘smirlar sport maktabi bo‘lib, ushbu muassasalarda jami 78 ming nafardan ziyod o‘quvchi-yoshlar sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda, ulardan 32 ming nafardan ortig‘i qizlar ekani quvonarlidir. Hozirgi kunda sportning futbol, qo‘l to‘pi, voleybol, basketbol, shaxmat, badiiy va sport gimnastikasi kabi turlari bilan shug‘ullanuvchilar soni 2003-yilga nisbatan 3-4 barobarga oshdi.

2005-2014-yillarda Toshkent shahridan xalqaro sport musobaqalarida 1500 nafarga yaqin o‘quvchi-yoshlar ishtirok etib, shulardan 672 nafari g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.

“Umid nihollari” – umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan o‘quvchi-yoshlarning katta sport anjumani, jismoniy tarbiya va sportga mehri baland millionlab o‘g‘il-qizlarning beg‘ubor qalblarida kurtak yozgan ezgu orzulari ijobatining debochasi, ularning hayotida tom ma’noda yangi sahifa ochuvchi yorqin voqea, katta musobaqalarning nafasi, g‘alaba shukuhi, bir umrga yodda qoladigan, unutilmas lahzalarni taqdim etuvchi yoshlik va sport bayrami, iqtidor egalarini kashf qiladigan va ularning kelgusidagi ulkan yutuqlarida mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladigan parvoz maydonidir.

Mazkur musobaqalarning barcha bosqichlarida jami 56 ming 50 o‘quvchi qatnashdi, ularning 25 ming 548 nafari qizlardir.

Bugun mana shu muhtasham majmuada ko‘zlari chaqnab turgan o‘g‘il-qizlar timsolida ozod va obod Vatanimizda unib-o‘sayotgan nihollar – ham jismoniy, ham ma’naviy yetuk, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan tom ma’nodagi barkamol avlod, buyuk kelajagimiz bunyodkorlari namoyon bo‘lmoqda.

“Umid nihollari – 2015” musobaqalarida o‘z iqtidori va qobiliyatini namoyon etgan eng sara sportchilar qatnashdi. Musobaqalarda qayd etilgan natijalar yildan-yilga o‘sib borayotgani yoshlarimizning sport sohasidagi salohiyati yuksalayotganidan dalolatdir. Maktab o‘quvchilarining bu galgi yirik bayrami ham ana shunday mahoratli va shijoatli yoshlarni o‘zida birlashtirdi.

– Qizim Komila bilan faxrlanaman, – deydi Ilhom Abduqodirov. – Farzandim sportning taekvondo turi bilan shug‘ullanib, jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetayotgani bir quvontirsa, o‘quvchi-yoshlarning “Umid nihollari – 2015” musobaqalarida g‘oliblar qatorida turganidan sevinchimiz ikki hissa oshdi. Axir, har bir ota-ona farzandining baxtu kamolini ko‘rishni orzu qiladi. Uning el-yurt koriga yaraydigan, Vatan oldidagi burchini ado eta oladigan inson bo‘lib ulg‘ayishini istaydi. Bugun ana shunday orzu-istaklarimizning ro‘yobini ko‘ryapmiz. Bu bizning eng katta baxtimiz. O‘g‘il-qizlarimizning bunday natijalarga erishayotgani Prezidentimiz tomonidan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik tufaylidir.

Hayajonli, orziqib kutilgan daqiqalar keldi. “Umid nihollari – 2015” sport o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘ldi. Chilonzor tumani jamoasi birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi va Prezidentimiz sovg‘asi – “Damas” avtomobili bilan taqdirlandi. Yunusobod tumani vakillari ikkinchi, Uchtepa tumani sportchi yoshlari uchinchi o‘rinni egalladi.

– Bu musobaqa – biz o‘quvchi-yoshlarni bellashuvlarga chorlabgina qolmay, o‘zaro do‘stlik, mehr-oqibat, ahillik tuyg‘ularini ham mustahkamlaydi, – deydi musobaqa g‘olibi Ixtiyor Normurodov. – “Umid nihollari – 2015” sport o‘yinlarining erkin kurash bo‘yicha bahslarida qatnashdim. Musobaqada g‘olib bo‘lib, murabbiylarim ishonchini oqlaganimdan baxtiyorman. Bu yutug‘im yanada yangi marralar sari dadil qadam tashlashimda menga kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi.

Bayram sadolari ostida rang-barang liboslardagi sportchilar, bolalar ijodiy jamoalari, taniqli va yosh san’at ustalari, estrada xonandalari maydonga kirib keladi. Jahon va qit’a chempionlari hamda sovrindorlarining ko‘rgazmali chiqishlari, san’at namoyandalari ijrosidagi qo‘shiq va raqslarda O‘zbekiston yoshlariga xos intilish, g‘ayrat-shijoat, jo‘shqinlik va nafosat namoyon bo‘ladi.