Yoshlik va sport bayrami
Poytaxtimizda “Umid nihollari – 2018” sport o‘yinlarining final bosqichi yoshlik va sport bayrami sifatida o‘tkazildi.
Poytaxtimizda “Umid nihollari – 2018” sport o‘yinlarining final bosqichi yoshlik va sport bayrami sifatida o‘tkazildi.Mamlakatimizda uzluksiz tarzda o‘tkazilayotgan “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport o‘yinlari yosh avlodni sportga keng jalb etish, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini kamol toptirish, buyuk ajdodlarimizning mardlik va jasurlik an’analarini munosib davom ettirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mazkur tizimning ilk bo‘g‘ini – “Umid nihollari” sport o‘yinlarining bu yilgi final bosqichi ham yoshlik va sport bayrami sifatida hududlarda tashkil etilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – ushbu sport musobaqalarining ommaviyligini yanada oshirish, unda yanada ko‘proq yoshlarimiz qatnashishini ta’minlash, sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini har tomonlama targ‘ib qilishdan iborat.
Musobaqalar sportning 21 turi – badiiy gimnastika, badminton, basketbol, boks, voleybol, dzyudo, yengil atletika, og‘ir atletika, sport gimnastikasi, stol tennisi, suzish, taekvondo, futbol, shaxmat, erkin va yunon-rum kurashi, qo‘l to‘pi, kurash, turon, belbog‘li kurash, o‘zbek jang san’ati bo‘yicha o‘tkazildi. E’tiborli jihati, musobaqada o‘quvchilar asosan Olimpiada dasturidan joy olgan sport turlari bilan bir qatorda milliy sport turlarimiz bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi. Ular orasidan kelajakda jahon miqyosidagi nufuzli musobaqalarda, xususan, Olimpiya o‘yinlarida Vatanimiz sha’nini munosib himoya qilishga qodir sportchilar yetishib chiqishi shubhasiz.
“O‘zbekiston” sport majmuasida “Umid nihollari – 2018”sport musobaqalarining Toshkent shahar final bosqichi tantanalari bo‘lib o‘tdi.
Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi J.Ortiqxo‘jayev mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida kelajagimiz egalari, ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan navqiron avlodni sog‘lom va barkamol, hech kimdan kam bo‘lmagan va hech qachon kam bo‘lmaydigan insonlar qilib voyaga yetkazish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilanganini alohida ta’kidladi.
“Umid nihollari” – umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan o‘quvchi-yoshlarning katta sport anjumani, jismoniy tarbiya va sportga mehri baland millionlab o‘g‘il-qizlarning beg‘ubor qalblarida kurtak yozgan ezgu orzulari ijobatining debochasi, ularning hayotida tom ma’noda yangi sahifa ochuvchi yorqin voqea, katta musobaqalarning nafasi, g‘alaba shukuhi, bir umrga yodda qoladigan, unutilmas lahzalarni taqdim etuvchi yoshlik va sport bayrami, iqtidor egalarini kashf qiladigan va ularning kelgusidagi ulkan yutuqlarida mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladigan parvoz maydonidir.
Bugun mana shu muhtasham majmuada ko‘zlari chaqnab turgan o‘g‘il-qizlar timsolida ozod va obod Vatanimizda unib-o‘sayotgan nihollar – ham jismoniy, ham ma’naviy yetuk, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan tom ma’nodagi barkamol avlod, buyuk kelajagimiz bunyodkorlari namoyon bo‘lmoqda.
“Umid nihollari – 2018” musobaqalarida o‘z iqtidori va qobiliyatini namoyon etgan eng sara sportchilar qatnashdi. Musobaqalarda qayd etilgan natijalar yildan-yilga o‘sib borayotgani yoshlarimizning sport sohasidagi salohiyati yuksalayotganidan dalolatdir. Maktab o‘quvchilarining bu galgi yirik bayrami ham ana shunday mahoratli va shijoatli yoshlarni o‘zida birlashtirdi.
– O‘g‘lim Asilbek bilan faxrlanaman, – deydi Azim Salihov. – Farzandim sportning turon turi bilan shug‘ullanib, jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetayotgani bir quvontirsa, o‘quvchi-yoshlarning “Umid nihollari – 2018” musobaqalarida g‘oliblar qatorida turganidan sevinchimiz ikki hissa oshdi. Axir, har bir ota-ona farzandining baxtu kamolini ko‘rishni orzu qiladi. Uning el-yurt koriga yaraydigan, Vatan oldidagi burchini ado eta oladigan inson bo‘lib ulg‘ayishini istaydi. Bugun ana shunday orzu-istaklarimizning ro‘yobini ko‘ryapmiz. Bu bizning eng katta baxtimiz. O‘g‘il-qizlarimizning bunday natijalarga erishayotgani Prezidentimiz tomonidan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik tufaylidir.
Hayajonli, orziqib kutilgan daqiqalar keldi. “Umid nihollari – 2018” sport o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘ldi. Chilonzor tumani jamoasi birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi va Prezidentimiz sovg‘asi – “Damas” avtomobili bilan taqdirlandi. Yunusobod tumani vakillari ikkinchi, Mirobod tumani sportchi yoshlariuchinchi o‘rinni egalladi.
– Bu musobaqa – biz o‘quvchi-yoshlarni bellashuvlarga chorlabgina qolmay, o‘zaro do‘stlik, mehr-oqibat, ahillik tuyg‘ularini ham mustahkamlaydi, – deydi musobaqa sovrindori Madina Ahmedova. – “Umid nihollari – 2018” sport o‘yinlarining qo‘l to‘pi bo‘yicha bahslarida jamoamiz bilan munosib qatnashdik. Musobaqada kumush medalni qo‘lga kiritganimizdan va tumanimiz umumjamoa o‘rtasida birinchi bo‘lganidanbaxtiyorman. Bu yutug‘imiz yanada yangi marralar sari dadil qadam tashlashimizda kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi.
Bayram sadolari ostida rang-barang liboslardagisportchilar, bolalar ijodiy jamoalari, taniqli va yosh san’at ustalari, estrada xonandalari maydonga kirib keladi. Jahon va qit’a chempionlari hamda sovrindorlarining ko‘rgazmali chiqishlari, san’at namoyandalari ijrosidagiqo‘shiq va raqslarda O‘zbekiston yoshlariga xos intilish, g‘ayrat-shijoat, jo‘shqinlik va nafosatnamoyon bo‘ladi.