Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
106 yoshli Badal bobo ovoz berdi
13:04 / 2016-12-04

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida yuz va yuz yoshdan oshgan tabarruk insonlar ham ovoz bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida yuz va yuz yoshdan oshgan tabarruk insonlar ham ovoz bermoqda.

Surxondaryo viloyatida 120 nafarga yaqin yuz yoshdan oshgan otaxon va onaxon istiqomat qiladi. Shulardan biri Badal bobo Xurramov Muzrabot tumanidagi Sopollitepa mahallasida yashaydi. Otaxon 51-yil oddiy dehqon bo‘lib ishladi, traktor haydadi. Urush yillari front ortida mehnat qildi. Muzrabot tumanini bog‘u bo‘stonga aylantirishga munosib hissa qo‘shdi.

Turmush o‘rtog‘i Norxol momo bilan 9 farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazdi. 50 ga yaqin nevara, o‘ndan ortiq chevaraning suyukli bobosiga aylandi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2011-yil 25-avgustdagi farmoniga muvofiq, Badal bobo “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

Ayni paytda 106 yoshni qarshi olgan Badal bobo bardam, xotirasi mustahkam, fikri teran. Tumandagi 155-saylov uchastkasiga kelib, o‘zi tanlagan nomzodga ovoz berdi.

– Men ko‘rgan saylovlarning sanog‘i yo‘q, – deydi otaxon. – Lekin u paytlarda saylasang ham saylaysan, saylamasang ham saylaysan, deganday bitta nomzod ko‘rsatilardi. Xo‘p zamonlar ekan-da, birov nega bunday, saylov bo‘lsa bir necha nomzod orasidan tanlash kerak emasmi, demagan. Deyolmagan. Saylov deganlari shu bo‘lsa kerak, deb ketaverganmiz. Endi bari o‘zgardi. Bir necha nomzod. Tarjimai holi, dasturi bilan tanish-da, o‘zing ma’qul, deb bilganingga ovoz ber! Mana, saylov qanday bo‘lar ekan. Buning ustiga saylovchilar uchun yaratilgan sharoitlar-chi?! Taklifnoma berishga kelishganida komissiya a’zolari “bobo, uyingizga o‘zimiz quti olib kelamiz,” deyishdi. To‘g‘risi, ko‘nglimga tegdi. Xudoga shukr, hali kuch-quvvatim bor, uchastkaga o‘zim boraman, dedim. Mana, sahar mardonda kelib o‘zim ma’qul, deb bilgan nomzodni yoqlab, nabira, evarayu chevaralar, yurtimiz yoshlarining baxtu kamoli uchun ovoz berdim. Hayotimning kuchga to‘lgan yillari ko‘rmagan e’zoz va e’tiborga sazovor bo‘lganim ham, yildan-yilga o‘zimni yasharayotgandek his etib, farovon turmush kechirayotganim ham mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik, biz, keksalarga ko‘rsatilayotgan hurmatu e’zoz tufaylidir. Ilohim, tinchligimiz, to‘kin-sochinligimiz abadiy bo‘lsin! Mana shuning uchun ovoz berdimda, bolam!