Guliston shahridagi Tadbirkorlar va hunarmandlar markazida Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar va blogerlar ishtirok etdi.
Anjumanda asosiy e’tibor ikki yirik va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihaga qaratildi: “Besh tashabbus olimpiadasi” va “Dolzarb 90 kun”. Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Mirqodir Sa’dullayev o‘tgan davrda amalga oshirilgan ishlar hamda yaqin kelajakda rejalashtirilgan tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, “Besh tashabbus olimpiadasi” yoshlarning ijodiy, intellektual va sport salohiyatini namoyon etishi uchun muhim platformaga aylangan bo‘lsa, “Dolzarb 90 kun” loyihasi yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ularni ijtimoiy faollikka jalb qilishda samarali bo‘ldi.

Joriy yilning o‘tgan sakkiz oyi davomida mahallalardagi uyushmagan yoshlar uchun 22 ta turli tanlov va loyiha tashkil etildi. Onlayn platforma orqali 286 891 nafar yosh ro‘yxatdan o‘tdi va ularning barchasi faol ishtirok etdi. Jumladan, “Yosh kitobxon oila” tanlovining tuman bosqichlari, “Zakovat” intellektual o‘yinlari, “Yosh musavvirlar” va “Mohir fortepianochi” tanlovining viloyat bosqichlari yakunlandi. Shuningdek, sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha musobaqalar, Davlat xavfsizlik xizmati kubogi doirasida futbol va mini-futbol musobaqalari, “Kibersport” musobaqasi hamda “Yoshlar ovozi” tanlovining respublika final bosqichlari ham muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Sirdaryo yoshlari respublika bosqichlarida ham faol ishtirok etdi. Jami 33 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta oltin, 12 ta kumush va 13 ta bronza. Xususan, Boyovut tumani Sarmich mahallasidan Shahnozabonu Murodova “Yosh kitobxon” tanlovida 15–19 yosh toifasida faxrli 2-o‘rinni egalladi. Yangiyer shahri A. Jomiy mahallasi jamoasi esa Davlat xavfsizlik xizmati kubogi doirasida futbol bo‘yicha respublika miqyosida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu yutuqlar viloyat yoshlarining mahalladan respublikagacha bo‘lgan ijodiy va sport salohiyatining yorqin namoyoni sifatida e’tirof etildi.

Joriy yilning 20 sentyabr kuni Gulistondagi “Besh tashabbus xiyoboni”da yoshlar festivali o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Festival “Salomatlik uchun 5000 qadam” loyihasi bilan boshlanib, unda qator musobaqa, ko‘rgazma va interaktiv tadbirlar tashkil etiladi. Viloyat “Yoshlar markazi”da talabalar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini, Guliston shahar “Istirohat bog‘i”da stol tennisi, shashka, armrestling va kamondan otish musobaqalari o‘tkaziladi. Shuningdek, “Besh tashabbus xiyoboni”da shaxmat bo‘yicha “Mahalla yettiligi kubogi” ham tashkil etiladi. Yosh rassomlar ko‘rgazmasi, bitiruvchi talabalar va ishsiz yoshlar uchun mehnat yarmarkasi, viloyat kuch tuzilmalari tomonidan harbiy texnikalar va qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasi festivalning interaktiv qismlarini boyitadi. Loyihalar taqdimoti va yosh san’atkorlar ishtirokidagi gala-konsert dasturi esa uning madaniy-ma’naviy ahamiyatini oshiradi.

Yozgi ta’til davrida Sirdaryo viloyatida 13 964 ta tadbir va musobaqalar o‘tkazilib, 364 131 nafar yosh ishtirok etdi. “Ibrat farzandlari”, “Qizlar akademiyasi”, “Mutolaa” loyihalari doirasida 2 311 ta targ‘ibot tadbiri tashkil etilib, unda 60 663 nafar yosh qatnashdi. “Yoshlar turizmi oyligi”da 63 ta ichki sayohat amalga oshirildi va 1 831 nafar yosh qamrab olindi. “Zakovat” intellektual o‘yinlari va “Yosh kitobxon oila” tanlovlari doirasida 1 829 ta tadbirda 47 002 nafar yosh ishtirok etdi. Bolalar uchun tayyorlangan “Kurash” veb-seriali va boshqa multseriallar (“Bek va Lola”, “Beruniy sarguzashtlari”, “Yashil makon”) 1 534 marta namoyish qilinib, 35 230 nafar yosh jalb qilindi. Bulardan tashqari o‘tkazilgan 8 227 ta tadbirda esa 219 405 nafar yosh ishtirok etdi.

Yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha 21 ta yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar orqali 31 276 nafar yosh qamrab olindi, bu belgilangan miqdordan ancha ko‘pdir. Jumladan, kasb-hunar o‘rgatish bo‘yicha 435 ta to‘garakda 12 644 nafar, chet tillarini o‘rgatish bo‘yicha 252 ta to‘garakda 6 914 nafar hamda yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan 240 ta loyiha orqali 11 718 nafar yosh qamrab olindi. Bu jarayon yoshlar salohiyatini oshirish, ularning ishga tayyorlik va ijtimoiy faolligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Qizg‘in va bahsli ruhda o‘tgan matbuot anjumanida Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i OAV vakillari savollariga atroflicha javob berdi hamda kelgusi rejalar va istiqboldagi loyihalar haqida qo‘shimcha ma’lumot berdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri